Zelenskiy Rossiyani keskin ogohlantirdi
Olam
−
18:09 4290 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalaridan so‘ng, kelasi hafta Rossiya havo hududiga oid operatsiyaga tegishli o‘zgartishlar kiritilishini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 5 sentyabr kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
“AQSHning diplomatik sa’y-harakatlariga qaramay, Rossiya Eronning “Shahed” dronlari bilan hujum qildi. Biz Rossiyaning bu qadamini qayd etdik va kelasi hafta Rossiya havo hududiga qarshi operatsiyamizni shunga muvofiq ravishda o‘zgartiramiz. Zero, u yerda dronlar va raketalar uchayotgani sababli Rossiya havo hududi xavfli bo‘lib qoldi”, deb yozgan Zelenskiy ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shuningdek, u Ukraina tomonidan diplomatiyaga hech qanday tahdid yo‘qligini va bundan keyin ham bo‘lmasligini bildirgan.
Bu bayonot kecha, 4 sentyabr kuni Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Moskvaga 5 sentyabr, Kiyevga esa ertaga, 6 sentyabr kuni kutilayotgan tashriflari arafasida havo hududida sulh o‘rnatishni taklif qilganidan keyin yangragan.
Biroq Rossiya 5 sentyabrga o‘tar kechasi ham Ukrainaga zarbalar berishni davom ettirgan. Jumladan, bugun Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan tungi hujumi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lib, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan.
Ukraina Qurolli kuchlari esa hukumat huzuridagi Strategik kommunikatsiyalar markazi orqali bergan izohida sulh bir tomonlama yoki asimmetrik bo‘lishi mumkin emasligini, ayni paytda mudofaa operatsiyasi doirasidagi vazifalar to‘liq bajarilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan yakunlash imkoniyati borligini, biroq buning uchun avvalo Rossiya va Ukraina o‘zaro kelishib olishi kerakligini aytgan edi.
Live
Barchasi