Zelenskiy Rossiyaga tahdid qilgan AQSH senatorlari bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 30 may kuni amerikalik senatorlar Lindsi  Grem va Richard Blumental Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy huzurida bo‘ldi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Zelinskiyning bildirishicha, u amerikalik senatorlar bilan yaxshi uchrashuv o‘tkazgan va ularning Ukrainada aynan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish eng zarur bo‘lgan vaqtda bo‘lib turganidan minnatdor ekanini aytgan.

“Biz Rossiya diplomatiyani masxaraga aylantirmoqchi bo‘layotganini birdek tushunamiz. Ular muzokaralar bilan niqoblanmoqda, ammo frontda yangi hujum operatsiyalariga tayyorgarlik ko‘rmoqda, har kuni shahar va qishloqlarimizni o‘qqa tutmoqda, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha barcha takliflarni rad etmoqda”, degan Ukraina Prezidenti.

Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti qo‘shimcha bosim zarur ekanini va ikki partiyali sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi tashabbusi uchun minnatdorligini ma’lum qilgan. 

“Bu tashabbusni allaqachon 82 senator qo‘llab-quvvatlagan. Biz ushbu masalani va Rossiyani tinchlikka majbur qilish uchun qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan boshqa choralarni muhokama qildik. Bu yo‘nalishda birgalikda ishlashda davom etamiz. Hayotni himoya qilishda ko‘rsatgan kuchli ikki partiyali qo‘llab-quvvatlovingiz va yetakchiligingiz uchun tashakkur. Muzokaralarning barcha bosqichlarida AQSHning real ishtiroki barqaror tinchlikka kafolat bera oladi”, deya ta’kidlagan Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz avvalroq, AQSH Senati agar Moskva yaqin orada Ukrainadagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni ilgari sursa, Rossiyaga nisbatan 500 foizlik ikkilamchi boj tariflarini joriy etish bilan tahdid qilgandi. Lindsi Grem va Richard Blumental aynan shu sanksiyalarning mualliflari hisoblanadi. Ayniqsa, Lindsi Grem AQSH Prezidenti Donald Trampning yaqin ittifoqchisi hamdir.

Bungacha Putin Istanbulga bormagan taqdirda, Yevropa yetakchilari AQSH Kongressidan Lindsi Grem tomonidan ilgari surilgan keskin sanksiyalar paketi qabul qilinishiga ishonch hosil qilgandi. Grem bu sanksiyalarni “suyakni chil-chil qiluvchi” deb ta’riflagan edi. 

Shuningdek, “Katta yettilik” davlatlarining Moliya vazirlari Rossiyaga bosimni kuchaytirishga tayyor ekanini bildirgandi. Ular Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harbiy harakatlarini qoralab, “mojaro davomida Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi har qanday tashkilot” Ukraina tiklanishida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lishini ma’lum qilgan. Shuningdek, agar Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, G7 sanksiyalarni yanada kuchaytirishga va’da bergan.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Putin Ukraina Vladimir Zelenskiy Lindsi  Grem Richard Blumental

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing