Zelenskiy Parijda Makron bilan Ukrainaning “g‘alaba rejasi”ni muhokama qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 10 oktyabr kuni fransiyalik mavqedoshi Emmanuel Makron bilan mamlakatining Rossiyaga qarshi mudofaa urushidagi “g‘alaba rejasi”ni muhokama qildi. Bu haqda Prezidentlarning matbuot xizmatlari xabar berdi.

Zelenskiy Londonga tashrifidan so‘ng muzokaralar uchun Parijga keldi. Ukraina yangi qish mavsumi oldidan va mamlakat sharqida davom etayotgan janglarda yordamga muhtoj. U frontdagi "qiyin vaziyat" va ayrim turdagi qurollarning "katta tanqisligi"ni tan oldi.

Makron bilan muzokaralardan so‘ng, Zelenskiy Yevropa yetakchilari bilan Rossiya Federatsiyasi bilan urushda mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini muhokama qilgani haqidagi takliflarni ham rad etdi.

"Bu bizning muhokamalarimiz mavzusi emas", dedi u bunday xabarlarni Moskva tomonidan dezinformatsiyaga urinish deb atab.

Yelisey saroyi uchrashuvdan oldin ta’kidlaganidek, Zelenskiy bilan muzokaralar Makron uchun “Fransiyaning barcha hamkorlari bilan birgalikda Ukraina va Ukraina xalqiga uzoq muddatli, izchil yordam ko‘rsatish qarorini tasdiqlashi” uchun imkoniyatdir.

Qayd etish joizki, bu Zelenskiyning 2022 yil fevralida Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Fransiyaga beshinchi tashrifi. Parij Zelenskiyning G‘arbiy Yevropaga safarlaridagi ikkinchi bekatiga aylandi, u yerda u AQSH prezidentlik saylovlari oldidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini olishga harakat qilmoqda. Avvalroq u Londonga tashrif buyurib, u yerda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashdi. Maslahatlashuvlar davomida ular Zelenskiyning Rossiya Federatsiyasi bilan urushda Ukraina uchun “g‘alaba rejasi”ni muhokama qilishdi.

O‘z navbatida, Ryutte, agar Donald Tramp Oq uyga qaytsa, Ukraina uchun hech qanday tahdid yo‘qligini, chunki, NATO rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mohiyatini tushunishini aytdi.

Vladimir Zelenskiy Dauning-stritdagi uchrashuvdan so‘ng Ukrainaning “urushni adolatli yakunlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan” “g‘alaba rejasi”ning tafsilotlarini bayon qilganini aytdi.

"Biz ittifoqchilarimiz bilan bu borada ishlashga kelishib oldik. Rossiyaning Ukrainadan hududini tortib olishini nazarda tutuvchi har qanday tinchlik rejasini rad etdik", dedi u.

Parijdan Zelenskiy Italiya hukumati rahbari Jorjiya Meloni bilan uchrashish uchun Rimga uchdi va bugun, 11 oktyabr kuni Berlinga keladi va u yerda Germaniya kansleri Olaf Shols va Germaniya federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer tomonidan qabul qilinadi.

Avvaliga Zelenskiy Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Ramshteyn formatidagi aloqa guruhining Germaniyada AQSH Prezidenti Jo Bayden taklif qilgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etishi rejalashtirilgan edi. Ammo Bayden Germaniyaga tashrifidan bir necha kun oldin “Milton” to‘foni tufayli uni keyinga qoldirdi. Shundan so‘ng, Ukraina ittifoqchilarining Ramshteyn harbiy bazasidagi uchrashuvi ham bekor qilindi. Bir kun oldin Zelenskiy Xorvatiyada Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlari rahbarlari bilan uchrashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ukraina Vladimir Zelenskiy Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing