Zelenskiy Ispaniyaga bordi
Olam
−
27 may
6092Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy amaliy tashrif bilan Madridga bordi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Ukraina Prezidentini aeroportda Ispaniya qiroli Filipp VI kutib oldi.
“Biz hozirda juda muhim rolga ega bo‘lgan siyosiy shartnomani imzoladik. Bu kelajak uchun tuzilgan shartnoma va bu bizning Ukrainani barqarorlik va barcha vositalar bilan ta’minlashga qat’iyligimiz namunasidir. Biz o‘tgan yilgi G7 deklaratsiyasi doirasida Ukraina bilan bunday shartnomani imzolagan o‘ninchi davlatmiz”, deydi Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches.
2023 yilda NATOning Vilnyusdagi sammitida G7 davlatlari Ukraina xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Daniya, Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya va Latviya Ukraina bilan tegishli kelishuvlarni imzolagan.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, Ispaniya Ukrainaga harbiy mojaroda harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish majburiyatini oladi. Ispaniya, shuningdek, 400 yangi ukrainalik askarni tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi, ular mamlakatda allaqachon o‘qitilgan 4000 askarga qo‘shiladi.
Zelenskiyning tashrifi 17 mayga belgilangan edi, biroq Rossiyaning Xarkovga hujumi tufayli bekor qilinishiga to‘g‘ri keldi. Hozirgi tashrif Monkloa saroyi tomonidan faqat yakshanba kuni kechqurun xavfsizlik nuqtai nazaridan tasdiqlandi.
Ma’mura To‘rayeva