Zelenskiy bir oyda Ukrainadan qancha don eksport qilinganini aytdi
Olam
−
27 avgust 2022
6819G‘alla yo‘lagi bo‘ylab qariyb bir oyda Ukrainaning uchta portidan bir million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qilgan.
“G‘alla eksporti tashabbusi deyarli bir oydan beri ishlamoqda va shu vaqt ichida bizning uchta dengiz portimiz – Chernomorsk, Odessa va Yujniydan ilk million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilindi”, deydi Zelenskiy.
Uning aniqlik kiritishicha, eksport Ukraina fuqarolarini yuz minglab ish o‘rinlari bilan ta’minlaydi.
Kecha, 26 avgust kuni Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar “Ahaber” telekanaliga bergan intervyusida Ukraina portlaridan 36 ta yuk ortilgan kema jo‘nab ketganini, 39 tasi yuk ortish uchun yo‘l olganini aytgan. Shuningdek, u ayni damda Rossiya Federatsiyasi vakillari BMT bilan Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlarini dengiz orqali eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qilayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
LiveBarchasi