O‘zbekistonda Erkaklar qo‘mitasini tuzish taklif etildi

Jamiyat

image

Kecha, 5 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oila ensiklopediyasi” hamda “Xotin-qizlar ensiklopediyasi” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  Unda ishtirok etgan ekspert Jamila Shermuhamedova O‘zbekistonda “Erkaklar ensiklopediyasi” yaratish va Erkaklar qo‘mitasini tuzish haqida takliflarni bildirdi. 

“Oilaviy ajrimlar haqida gapirganda respublikamizdagi ko‘rsatkichlarni Yevropa davlatlaridagi bilan taqqoslash, o‘zimizni ovutish, maqtash, ayblarimizni xaspo‘shlash to‘g‘ri emas. Muammolarning ichiga kirib borishimiz kerak. Ajrimlarning sabablarini aniqlashimiz, shu bo‘yicha choralar ko‘rishimiz lozim. Bizda oila milliy qadriyatlar va sharqona madaniyat poydevoriga quriladi. Aynan mazkur aqidalar bilan sug‘orilgan kitoblarni ko‘paytirishimiz kerak. Mening takliflarim bor: kelinglar, “Erkaklar ensiklopediyasi”ni yarataylik. Oilada erkakning, otaning o‘rnini ko‘tarmas ekanmiz, u haqda kitoblar yozib, maqomini ulug‘lamas ekanmiz, oila mexanizmidagi ayrim elementlar yaxshi ishlamaydi, ajrimlar soni ortaveradi. Yoshlarga bolaligidan oilada o‘g‘illik burchi, otalik vazifalari, erlik mas’uliyati haqida bilim berish zarur. Bu hayot-mamot masalasi. Men hatto O‘zbekiston Erkaklar qo‘mitasini tuzish taklifi ham jiddiy o‘ylab ko‘rishga arziydi, deb hisoblayman”, degan Jamila Shermuhamedova.

“Oila ensiklopediyasi” hamda “Xotin-qizlar ensiklopediyasi” kitoblari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamkorligida “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyotida chop etilgan.

“Yoshlar ongida oilaviy hayot ko‘nikmalarini shakllantirishda mana shunday zamonaviy adabiyotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ensiklopediyalar respublikamizdagi barcha mahallaga kirib borishi kerak”, deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova.

Tadbirda yangi qomusiy majmualar “farovon oila — farovon jamiyat” konsepsiyasiga xizmat qilishi aytildi. Qizlar uchun “Qizlar kitobi”, kelinlar uchun “Kelinnoma” kabi ensiklopediyalar yaratilgani, hozir yangi tayyorlangan “Ayollar ensiklopediyasi” nashrga topshirilgani, yaqin kunlarda bosmaxonadan chiqishi haqida ma’lumot berildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Jamila Shermuhamedova

Baholaganlar

34

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar