O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi
O‘zbekiston
−
21674 2 daqiqa
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Qishloq xo‘jalik sohasidagi atoqli olim, sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zosi Sulton Alimuhamedov 2019 yil 11 fevralda 90 yoshida vafot etdi.
Sulton Alimuhamedov 1929 yil 1 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1950 yili Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti) tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 1991 yilda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim o‘zining 70 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti dotsenti, kafedra mudiri, O‘zbekiston o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimlarida samarali mehnat qildi va yurtimizda o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimning ilmiy izlanishlari natijalari, ishlanma va tavsiyalari qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘llanib, turli ekinlar xosildorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Sulton Alimuhamedovning dolzarb mavzulardagi ko‘plab ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.
Uzoq yillar davomida ko‘plab yoshlarga saboq bergan Sulton Alimuhamedovning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
Jonkuyar olimning O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlanib, u “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Tahririyatimiz nomidan yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Sulton Alimuhamedovning vafoti munosabati bilan uning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Live
Barchasi