“Zato” bizda Bunyodkor stadioni bor – Allamjonov O‘zbekistondagi matbuot erkinligi haqida
Jamiyat
−
20 aprel 2021
12088Avvalroq “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston o‘tgan yilgiga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 157-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edik. Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ushbu holatga achchiq hazil aralash mnosabat bildirdi.
“Har yili shu paytda O‘zbekistonning so‘z erkinligi reytingi oshayotganini aytib maqtanib qo‘yardim. Bu yil esa ushbu sohaga MAS’UL bo‘lgan barcha mutasaddilarga mashaqqatli, sermazmun, ijodiy va tinimsiz mehnatlari uchun katta “rahmat” aytmoqchiman.
Baraka topinglar, hurmatlilar. Reyting-peytingga balo bormi, toje mne. Tushdi nima, ko‘tarildi nima, to‘g‘rimi? Ota-bobong qilgan ishni qilsanglar bo‘lmaydimi, deydigan odam yo‘q. Choyxonalarimizdan, gap, ulfatchiliklarimizdan qo‘ymasin. Zato, bizda Bunyodkor stadioni bor. Fayzimizni bersin.
Litseyda o‘qib yurgan paytlarimiz, darsda to‘polon qilsak, adabiyot o‘qituvchimiz bizga: “Qancha qilma tarbiya, xo‘tikla kuchukchani, it bo‘lur, eshak bo‘lur, aslo bo‘lmas odamiy“, derdilar. Negadir shu esimga tushib ketdi hozir. Nimaga ekan?” deb yozgan Allamjonov.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekiston ushbu reytingda to‘rt pog‘ona yuqorilab, 156-o‘rinni egallagan edi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iziston 79-o‘rinni, Qozog‘iston 155-o‘rinni, Tojikiston 162-o‘rinni, Turkmaniston 178-o‘rinni band qilgan.
Shuningdek, Norvegiya ushbu reytingda ketma-ket beshinchi yil birinchi o‘rinni egallamoqda. Undan keyin Finlyandiya (2-o‘rin), Shvetsiya (3-o‘rin), Daniya (4-o‘rin) va Kosta-Rika (5-o‘rin) joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 78 mamlakat orasida 73-o‘rinni egallab, birinchi marta dunyoning eng yaxshi mamlakatlari reytingiga kiritilgani haqida xabar bergandik. Reyting Amerikaning U.S. News & World Report jurnalida e’lon qilgan.
LiveBarchasi