Zangiotadagi shifoxonada Xitoydan keltirilgan doridan qo‘llanmaga zid ravishda foydalanilyapti
Jamiyat
−
11 avgust 2020
14248O‘zbekistonda Xitoyda ishlab chiqarilgan Lyanxua Sinven dori vositasi ommalashib bormoqda. Asl narxi 2 dollarni tashkil qiladigan dorining bugun qo‘ldagi narxi 350 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev Zangiotadagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada mazkur dorini xayriya sifatida yetkazib bergan shaxslardan qabul qilib olayotgani aks etgan video tarqaldi. Bu bilan Lyanxua Sinven koronavirusni davolash bo‘yicha qo‘llanmaga kiritilmagan bo‘lsa ham kasallikni davolashda samarali va Zangiota shifoxonasidagi bemorlarga berilyapti deyish mumkinmi? QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Rustam Ikromovga murojaat qildi.
“Xayriya sifatida Xitoy davlatidan yuborilgan ushbu dori vositasi tegishli me’yorlar asosida o‘rganib chiqilgan va uning tarkibidagi o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan faol moddalar yuzasidan xulosa olingan. Ayni kunlarda Zangiota tumanidagi shifoxonada ushbu doridan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda foydalanib kelinmoqda”, deydi Rustam Ikromov.
Agar ushbu doridan foydalanish boshlangan bo‘lsa, nega u O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi tomonidan ishlab chiqilgan qo‘llanmalarning hech biriga, jumladan 31 iyul kuni qabul qilingan 6-qo‘llanmaga kiritilmagan? Bundan chiqdi, mamlakatda koronavirusni davolashda shifoxonalarda qo‘llanmaga kiritilmagan dorilardan ham foydalanish mumkin, shundaymi? Agar ushbu dori koronavirusni davolashda samarali bo‘lsa, nega u dorixonalarda yo‘q va uyda davolanish bo‘yicha qo‘llanmaga ham kiritilmagan?
Joriy yilning 3 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda QALAMPIR.UZ muxbiri Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilovga ushbu dori haqida aynan yuqoridagi savol bilan murojaat qilgan edi.
“Men bu dori haqida birinchi marta eshitishim. Bu qanday dori men bilmayman”, degan edi Oqilov.
Qiziq, koronavirusga qarshi kurash shtabining bir a’zosi 7-8 kun avval bu dori haqida umuman eshitmaganini aytsa, oradan vaqt o‘tgach, ikkinchisi dorining foydasi borligini e’tirof etsa, buni qanday tushunish mumkin? Nima O‘zbekistonda dorilar bo‘yicha shtab a’zolarining ham, boshqa shifokorlarning ham o‘zaro bir to‘xtami yo‘q? Ushbu dorini vazir o‘rinbosari qabul qilib olsayu shtab a’zosi bu dori haqida umuman bilmasligini aytib tursa... Shahar bedarvozami?
Eslatib o‘tamiz, ushbu dorini ilk bor Diyora Usmonova o‘zida va yaqinlarida qo‘llab ko‘rganini aytib chiqqan edi.
LiveBarchasi