Zangiotadagi shifoxona boshqa joyga ko‘chirildimi? Izoh berildi
Jamiyat
−
11 mart 2023
6523Ijtimoiy tarmoqlarda Ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi vaqtinchalik ko‘chirilgani va jamoat transporti mavjud bo‘lmagani, bu esa xodimlarga noqulaylik tug‘dirayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, kelib chiqqan mazkur holat bo‘yicha amaliy yordam so‘rab, Transport vazirligiga murojaat qilingan. Natijada 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yangi shahar jamoat transporti yo‘nalishini tashkil etish yuzasidan Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi va Toshkent viloyati transport boshqarmasi mutasaddi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, shifoxonadan 5-metro bekatigacha bo‘lgan masofa 6,9 kilometrni tashkil etayotgani, shifoxonaga kelib-ketayotgan ishchi-xodimlarga noqulayliklar yuzaga kelayotgani sababli yangi avtobus yo‘nalishini tashkil etish maqsadga muvofiqligi ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi bergan ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda metro bekatidan Zangiotadagi klinikaga qadar 154-sonli yo‘nalish ishlab chiqilib, tenderga qo‘yilgan. Yo‘nalish tender o‘tkazilgandan so‘ng 21 martgacha ishga tushiriladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining ushbu bayonotida shifoxona ko‘chirilganmi, yo‘qmi batafsil ma’lumot berilmagan. Biroq Zangiotadagi klinikaga qatnaydigan avtobus yo‘lga qo‘yilishi haqidagi ma’lumotga ko‘ra, shifoxona hech qayerga ko‘chirilmagan.
LiveBarchasi