“Zamdekan” talaba qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgani rostmi?

Jamiyat

Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-kursida tahsil oluvchi talaba qizga dekan o‘rinbosari tegajog‘lik qilib, niyatiga yetolmagach uni derazadan itarib yuborgani haqida xabar tarqaldi. QALAMPIR.UZ ushbu holatni batafsil o‘rganish maqsadida voqea joyiga bordi.

Universitet rektorati binosiga kelganimizda, hozir tushlik vaqti ekanligi va tushlikdan so‘ng, kirishimiz mumkinligi haqida aytishdi. Ammo, oradan ancha vaqt o‘tib ham, kirishimiz uchun ruxsat berilmadi. 

Shu vaziyatda universitetning Yoshlar ittifoqi faolidan voqea aynan sodir bo‘lgan fakultetga olib borishini so‘radik. 

Bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan fakultetga kelgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Rahim Hakimov QALAMPIR.UZ saytiga voqea nega oradan 9 kun o‘tib, ommaga oshkor qilingani haqida izoh berdi.

“Albatta, bu universitet matbuot xizmati, nafaqat matbuot xizmati, balki universitet rahbariyatiga nisbatan ham savollar tug‘diradi. Chunki shunday katta fojia bo‘lyapti, bundan hech kim xabar topmayapti, jamoatchilik bilmayapti. Buni birinchi bo‘lib universitetning o‘zi jamoatchilikka ma’lum qilishi kerak edi. Bugungacha bizga bu ma’lumot berilmagandi. Voqea bo‘yicha vazirlikdan, tegishli mas’ullardan tushuntirishlar olinyapti. Ularga nisbatan, albatta, chora ko‘riladi. Aniq bahoni tergov idoralari beradi. Men shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba qizlarimizga nisbatan har qanday tajovuzga yoki kamsitishga toqat qilolmaydi”, deydi vazir o‘rinbosari.

Vazir o‘rinbosaridan so‘ng, bu masalada fakultet dekaniga ham yuzlandik va talaba Mushtariy Komilova ta’lim olayotgan guruhning dars jarayoni onlayn tizimga o‘tgani qanchalik haqiqatga yaqinligi haqida so‘radik.

“Bu noto‘g‘ri xabar. Sababi biz voqea sodir bo‘lgan kunning ertasiga talabalarni yig‘ib, gaplashganmiz. Buni ular ham tasdiqlashi mumkin. Ular rus guruhi bo‘lib, hozirda 5 nafar talaba o‘qiydi. Besh nafar talabaning bittasi Mushtariy, qolgan talabalar voqeadan stressga tushishgan, shu sababli o‘zlariga kelib olishlari uchun ularga ikki kunlik ta’til berilgan edi. Onlayn ta’lim tizimi haqida hech qanday gap so‘z yo‘q. Hozirgi kunda talabalar an’anaviy tartibda o‘qishni davom ettirmoqda. Holat sodir bo‘lgan zahoti IIB xodimlariga xabar berilgan va ular bu ishni o‘z nazoratiga olgan. Dastlabki, tergov natijalari e’lon qilinmagunicha, biz OAV vositalariga ma’lumot bera olmasdik”, deydi fakultet dekani.

Suhbat davomida Hayot Qodirov Mushtariy Komilova haqida o‘z fikrini bildirdi.

“U qiz hunarmand. Ko‘plab tanlovlarda ishtirok etgan va sovrinli o‘rinlarni egallagan. Men bu fakultetda bir yildan buyon dekan lavozimida ishlayotgan bo‘lsam, dekan o‘rinbosari haqida ham, jabrlanuvchi haqida ham nojo‘ya fikrlar eshitmaganman”, deydi u.

Hozirda Mushtariy Komilovaning ahvoli qoniqarli. Qiz shifoxonada u bir qator operatsiyalarni boshdan o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jabrlanuvchining salomatligi jiddiy nazoratga olingan. Unga barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilyapti va muolaja jarayonlari davom etmoqda. 

Surishtiruv davomida Universitet matbuot kotibi Sirojiddin Bo‘riyev quyidagicha fikr bildirdi.

"Albatta, bu eshiklar ortida nima bo‘lganini hozircha faqat jabrlanuvchi va ayblanuvchining fikriga tayanibgina bila olamiz. U vaqtda dars jarayonlari davom etayotgan edi. Shovqin bo‘lganligi uchun o‘qituvchilarimiz va shu yerda yurgan boshqa xodimlarimiz voqea joyiga kelganida, ish yakuniga yetib bo‘lgan edi ya’ni qiz derazadan pastga yiqilgan, dekan o‘rinbosari esa, unga birinchi tez tibbiy yordamini ko‘rsatgan”, deydi universitet matbuot kotibi.

Surishtiruv davomida,  Mushtariybonu Komilovaning onasi bilan bog‘lanishga bir necha bor harakat qildik, ammo urinishlar besamar ketdi. QALAMPIR.UZ bu masala yuzasidan surishtiruv ishlarini davom ettiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1837

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing