Z avlod o‘zini eng baxtsiz his qilmoqda – tadqiqot
Bu qiziq
−
05 noyabr 15585 2 daqiqa
Z avlod tarixdagi eng baxtsiz avlod bo‘lib chiqdi. Garvard va Beylor universiteti olimlari 22 ta mamlakatdan 200 mingdan ortiq odamni o‘rganib, odatdagi “baxt egri chizig‘i” o‘zgarganini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Fortune” jurnalida e’lon qilindi.
Avvallari odamlar eng baxtli davrni yoshlikda boshdan kechirgan, keyin hayotdan qoniqish darajasi o‘rta yoshda tushgan, qarilikda esa yana oshgan. Endi bu bog‘liqlik tekisroq ko‘rinishga keldi. Yoshlar quvonch hissini ertaroq yo‘qotmoqda va uni qaytarish uchun uzoq vaqt kerak bo‘lyapti.
Tadqiqot mualliflari 18–29 yoshdagi insonlar ko‘proq xavotir, depressiya, moliyaviy qiyinchilik va hayot ma’nosining yo‘qligidan shikoyat qilishini ta’kidlagan. Ko‘pchilik o‘zini yolg‘iz, foydasiz va kelajagiga ishonchsiz his qiladi.
“Bu juda qo‘rqinchli manzara. Yoshlar farovonligiga yetarlicha sarmoya kiritayapmizmi?” deydi tadqiqot mualliflaridan biri, Garvard Inson taraqqiyoti dasturi direktori Tayler Vandervil.
Olimlar Z avloddagi xavotirni jamiyat bosimi, noaniqlik, siyosiy mojarolar va doimiy salbiy xabarlar oqimi bilan bog‘lashmoqda. Respondentlarning yarmidan ko‘pi hayotda maqsad ko‘rmasligini, yana shuncha odami pul borasida doimiy tashvishda ekanini tan olgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, agar bu tendensiya davom etsa, odamlarning “baxtli yosh davri” haqidagi tasavvurni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025–2039 yillar oralig‘ida tug‘ilgan bolalar Beta avlod vakillari sifatida tan olingandi. Beta avlod 2010-2024 yillar oralig‘ida tug‘ilgan Alfa avlod ortidan keladi. Undan oldin – 1997-2010 yillarda tug‘ilgan Z avlod, 1981-1996 yillarda tug‘ilgan Y avlod yoki Milleniallar mavjud edi.
Mohichehra Qadamova