Yunusobod hokimining sobiq o‘rinbosari 3,5 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Agar yodingizda bo‘lsa, 2019 yil 23 okyatyabrda Yunusobod tumani hokimining o‘rinbosari E.Z. pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan ochiq sud majlisida ko‘rilgan mazkur jinoyat ishida sudlanuvchi E.Z. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi Abbosxon Shamahmudov ma’lum qildi. 

Ashyoviy dalil bilan ushlangan 

Sudlanuvchi E.Z. 2019 yil 5 yanvardan 11 oktyabrga qadar Yunusobod tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Egallab turgan lavozimiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonuniy ko‘rib chiqishi lozim bo‘lsa-da, mansab vakolatidan foydalanib, tamagirlik yo‘li bilan pora olib, mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida fuqaro R.M. va uning turmush o‘rtog‘i I.M.ning Yunusobod tuman hokimligiga o‘zlariga tegishli Yunusobod tumanidagi uy manzilida o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joy ob’ektiga nisbatan mulk huquqini berish yuzasidan 2018 yil 4 dekabrda qilgan va muqaddam rad etilgan murojaatlarini o‘zining raisligidagi komissiya tarkibida o‘rganadi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida xulosa hamda shu asosda egalik huquqini belgilash bo‘yicha tuman hokimining qarorini chiqarib berish evaziga R.M.dan 5 000 AQSH dollari miqdorida pora berishni talab qiladi. Bu to‘g‘risida 2019 yil 16 yanvarda mulkka egalik huquqini e’tirof etish natijalari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiradi. Evaziga undan talab qilgan 5 000 AQSH dollarini 2019 yil 11 oktyabrda Yunusobod tuman hokimligining ma’muriy binosi 1-qavatidagi xizmat xonasida tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

“Hozirda qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman”

— Tuman o‘rinbosari sifatida xizmat vazifalarimga – tumandagi qurilishga oid arxitektura va shaharsozlik masalalarini muvofiqlashtirish, qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarini ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish, qurilish va injenerlik kommunikatsiyalarini rivojlantirishni tartibga solish, tumandagi qurilayotgan ob’ektlarni o‘z vaqtida va sifatli qurilishini nazorat qilish hamda tuman hokimi tomonidan tasdiqlangan lavozim yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan boshqa vazifalarni bajarish kirgan. Shuningdek, “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-son farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari haqidagi 2018 yil 21 iyundagi Vazirlar Mahkamasining 461-sonli Qarori talablaridan to‘liq xabarim bor. Ushbu Qaror talablaridan kelib chiqib, Toshkent shahar hokimining komissiya a’zolarini tasdiqlash haqida qaror chiqarilgan. Unga ko‘ra, tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, ya’ni o‘zim komissiya raisi, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i A.X. komissiya raisi o‘rinbosari, uning a’zolari esa tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i A.M., tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i S.M., tuman DSI xodimi D.P., tuman DSNM bosh shifokori T.K., tuman IIB FMB M va FRB boshlig‘i A.U., tuman YOXB boshlig‘i Sh.I.dan iborat bo‘lgan. Ularning ba’zilari hozirda almashgan bo‘lishi mumkin. Toshkent shahri, Uchtepa tumanida yashovchi I.M. Yunusobod tumani Gullola ko‘chasidagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini e’tirof etish yuzasidan murojaat qilgan. 2019 yil sentyabrning oxirida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish jarayonida uning 2018 yil 4 dekabrda DXM orqali bergan arizasi hamda 2019 yil 16 yanvarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni o‘rganish natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma bilan tanishib chiqqanimda xabardor bo‘lganman. Dalolatnoma va unga ilova qilingan hujjatlar bilan tanishib chiqqanimda, yakuniy xulosada mulk huquqini e’tirof etish hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini berishga ijobiy (mumkin) xulosa qilinganini ko‘rganman. Biroq, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining 2018 yil 21 dekabrdagi xulosasida yer uchastkasi maydoni hajmi turlicha hamda tushunarsiz va rad etuvchi xulosa berilgani sababli, ushbu holatlarga aniqlik kiritish uchun 2019 yil oktyabrda Yunusobod tumani Posira MFY raisi bilan birga joyiga chiqib o‘rganishda, I.M.ning turmush o‘rtog‘ining ukasi, ya’ni qaynakasi bilan suhbatlashib, joyni o‘rganib ketganmiz. Ertasi kuni notanish bir yigit kelib o‘zini I.M.ning turmush o‘rtog‘i R.M. deb tanishtirdi. Turmush o‘rtog‘i I.M.ning arizasi yuzasidan suhbatlashganimda, ular ushbu masalada jami 3 marta ariza bilan murojaat qilishganini aytdi. “Arizalarimizni ijobiy hal qilib bering”, deya iltimos qildi. Evaziga tuman hokimiyatining joriy xarajatlariga homiylik qilishi mumkinligini bildirganidan keyin, I.M.ning boshqa arizalarini ham toptirdim. Ular bilan tanishdim, aynan bir xil mazmundagi 3 ta arizaning 2 tasi rad etilgan va bittasiga ijobiy xulosa qilingani haqida 3 ta dalolatnoma tuzilganini bildim. 2018 yil 5 sentyabrdagi arizasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlarda tuman qurilish bo‘limi rad etuvchi xulosa bergani sababli 2018 yil 13 oktyabrdagi sana bilan egalik huquqini e’tirof etish mumkin emasligi haqida dalolatnoma tuzilgan. Biroq ilova hujjatlarida kadastr xizmati xulosasi mavjud emasligini ko‘rdim. 2019 yil 12 apreldagi arizasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlarda tuman qurilish bo‘limi rad etuvchi xulosa bergani sababli 8 maydagi sana bilan egalik huquqini e’tirof etish mumkin emasligi haqida dalolatnoma tuzilgan. Ammo bu safar kadastr xizmatining ijobiy xulosasi bor edi. Yuqoridagi 2 ta ariza oralig‘ida berilgan 2018 yil 4 dekabrdagi arizaga esa qurilish bo‘limi ijobiy xulosa bergan bo‘lsa, kadastr xizmati esa rad etuvchi xulosa bergani holda 2019 yil 16 yanvarda ijobiy dalolatnoma tuzilgani uchun joyiga chiqib tekshirdim. I.M.ning 3 ta arizasi xizmat xonamda komissiyaning mas’ul xodimi tomonidan imzolanmagan holda saqlab kelingan. Sababi uning turmush o‘rtog‘i R.M. bilan suhbatlashgan vaqtimda menga 3 marotaba ariza qilganini aytib, ularning kodini ma’lum qilgani uchun xizmat xonamdagi bazadan tekshirib ko‘rish uchun chaqirtirib olib, ularni o‘rganib chiqayotgandim. I.M. Yunusobod tumani Gullola ko‘chasidagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini e’tirof etish yuzasidan qilgan murojaati asosida joyiga chiqib o‘rganganimdan keyin, egalik huquqini talab qilayotgan yer bo‘lagini bir qismini, ya’ni “Solar” kanali va elektr tarmog‘idan muhofazalanadigan qismidan tashqarisiga egalik huquqini e’tirof etish haqidagi xulosaga kelganman va qisman qanoatlantirmoqchi bo‘lganman. Bu haqda R.M.ga aytganman. I.M.ning murojaati asosida joyiga chiqib o‘rganganim to‘g‘ri. Keyin uning murojaati yuzasidan komissiya a’zolarini 2019 yil 12 oktyabrda yig‘ib, muhokama qilmoqchi bo‘lgandim. 461-sonli Qaror talablaridan kelib chiqib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini e’tirof etish yuzasidan kelib tushgan murojaatni qancha muddatlarda ko‘rib chiqish haqida tushunchaga egaman. Biroq ish hajmi juda ko‘p bo‘lgani va ushbu masala yuzasidan aksiya e’lon qilinganidan buyon tuman bo‘yicha 6.500 ga yaqin arizalar kelib tushgani sababli, ularning barchasini Nizomda ko‘rsatib o‘tilgan vaqt davomida ko‘rib chiqish imkoniyati jismonan bo‘lmagan. Nafaqat I.M.ning arizalari, balki boshqa fuqarolarning arizalarini ham o‘z vaqtida ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lmagan. R.M. bilan suhbatlashganimda u o‘zinikidan tashqari qo‘shnisiga tegishli Yunusobod tumani, Gullola ko‘chasidagi uyga ham egalik huquqini e’tirof etish qarori kerakligini aytgan. O‘zini ishiga taklif qilgani kabi qo‘shnisining nomidan ham taklif qilgan. Shunda ushbu manzil bo‘yicha ariza yo‘qligini bilsam-da, R.M.ning ishonchiga kirish uchun uni ham hal qilib berish haqida yuzaki yolg‘on kelishuv qilganman. Aslida bu manzil bo‘yicha hech kim rasman murojaat qilmagan. Uning qo‘shnisi bilan shaxsan uchrashmaganman, tanimayman ham. Maqsadi faqat R.M.ning ishini hal qilish qo‘limdan kelishiga ishontirish maqsadida uni taklifiga go‘yoki rozi bo‘lganman. R.M. bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda hozirda uning har bir sotix yer maydonini narxi 10.000 AQSH dollaridan bo‘layotgani, u taklif qilgan summa kamlik qilishini aytganman. Ushbu gapni aytishimdan maqsad, Toshkentdagi yer maydonini har sotixi hozirgi kunda o‘rtacha 10.000 AQSH dollaridan bo‘lgan. U berayotgan 5.000 AQSH dollari evaziga katta miqdorda manfaat ko‘rayotganini tushuntirish bo‘lgan. Bu holatda undan 80.000 AQSH dollari so‘ramaganman. 2019 yil 11 oktyabrda yer uchastkasi va noqonuniy qurilmaga egalik huquqini belgilashni so‘rab qilgan murojaatini ijobiy hal qilib berish evaziga 5.000 AQSH dollari olganman. Pullarni tuman hokimiyati uchun moliyaviy yordam tariqasida berishini aytgan. Hozirda qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. 

Sudlanuvchining aybi boshqa dalillar bilan ham isbotlangan

Sudlanuvchining aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, fuqaro R.M.ning arizasi, arizani tekshirish bayonnomasi, pul mablag‘iga kimyoviy ishlov berish va uni taqdim etish haqidagi bayonnomasi, ovoz yozish moslamasini taqdim etish va qabul qilish bayonnomasi, sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasi, sud-fonografik ekspertizasining xulosalari, ashyoviy dalil deb e’tirof etish va jinoyat ishiga qo‘shish qarori, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, yuzlashtirish bayonnomasi, so‘roq qilish bayonnomalari, narsani ko‘zdan kechirish bayonnomasi, birlamchi tushuntirish xatlari, stenogramma hamda jinoyat ishida mavjud bo‘lgan boshqa dalillar bilan ham isbotlangan.

3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

— Sudlanuvchi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga shu modda bilan JKning 45, 57-moddalarini qo‘llab, 2 yil muddatga davlat va mahalliy boshqaruv organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

149

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing