“Yunayted” de Yongning transferini deyarli hal qildi
Sport
−
28 iyun 2022
2410Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi “Barselona” jamoasi yarim himoyachisi Frenki de Yongning transferi bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin turibdi. Bu haqda “Sky Sports” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar bitimning to‘lov miqdori bo‘yicha kelishib olgan. “Yunayted” de Yong uchun “Barselona” hisob raqamiga 65 million yevro o‘tkazib beradi. Shuningdek, niderlandiyalik futbolchining o‘yiniga qarab, alohida bonuslar ham to‘lanadi. Hozirda kelishuvning boshqa tafsilotlari muhokama qilinmoqda. Muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishiga tomonlarning ishonchi ortgan.
Qayd etish joizki, de Yongning "Manchester Yunayted" bilan shaxsiy bitimidagi shartlar masalasida muammo bo‘lishi kutilmayapti. Sababi “qizil iblislar” rahbariyati 25 yoshli yarim himoyachi uchun barcha qulayliklarni yaratishni maqsad qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, de Yong 2019 yilning yozida “Barselona” futbolchisiga aylangandi. 25 yoshli yarim himoyachi o‘tgan mavsumda “Barsa” safida barcha musobaqalarda 46 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. “Transfermarkt” portali niderlandiyalik iqtidor egasini 70 million yevroga baholamoqda.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi