Yulduz Turdiyeva 20 yilda ilk musiqiy albomini taqdim etdi

Madaniyat-san’at

image

Kutganingiz...

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, o‘ziga xos iqtidor sohibasi Yulduz Turdiyevaning ilk albomi mana shunday nomlandi. 

Ushbu yopiq taqdimotda o‘zbek san’atining taniqli vakillari O‘zbekiston xalq artistlari Nasiba Abdullayeva, Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Zulayho Boyxonova, Mahmud Namozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Rayhon G‘aniyeva, Abdurashid Yo‘ldoshev, Lola Ahmedova, Hosila Rahimova, Ziyoda va ko‘plab ijodkorlar ishtirok etdi. 

Xonanda bu ijod guldastasini nega aynan bunday nomlaganligi haqida izoh berdi: “Albom nomi aslida “kutganim” yoki “kutganimiz” mazmunida bo‘lishi kerak edi. Sababi, men sahnaga chiqib, ijod qilayotganimga 20 yil bo‘ldi. Ilk yakkaxon konsertimni xalqqa taqdim etishni uzoq yillar davomida kutdim. To‘yma to‘y yuraveribman. Muxlislar ham bir necha yillardan beri bitta savol bilan murojaat qilishardi: qachon? Yulduz Turdiyeva ilk konsert dasturini qachon taqdim etadi, deyilgan savollar bugun o‘z javobini topdi. Yaratganning nasib qilgan kuni bugun ekan. Bu mening kutganim, aziz muxlislarimning kutgani...”

Xonandaning ilk albomidan 14 ta qo‘shiq o‘rin olgan bo‘lib, undan milliy estrada yo‘nalishida kuylangan qo‘shiqlar o‘rin olgan.  

Turdiyevani bilasiz. U O‘zbekistonda maqom yo‘nalishida kuylay oladigan, kuylaganda ham uncha-bunchasini ortda qoldiradigan xonanda. U bir necha yil avval Ozarbayjonda o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati festivalida ham oliy unvonni qo‘lga kiritib kelgan edi. Xonanda maqom yo‘nalishidagi qo‘shiqlarini keyinroq alohida albom shaklida tayyorlashni maqsad qilganini aytdi. 

Kichik konsert dasturida Yulduz Turdiyeva o‘zining “Sevgi”, “San’atdan baxtini topganlar”, “Ona men keldim”, “Tanovor” hamda buxorocha, tojikcha taronalarni yuksak mahorat bilan jolni ijroda kuylab berdi. 

“Unga shunday ovoz berilganki, aksariyat ayollar qo‘shiq kuylayotib avjiga chiqqanda yurakdagi ovoz vulqondek otilib, chiyillagandek odamning g‘ashiga tegadi. Yulduzda esa qo‘shiq boshlangandan to avjiga chiqqanda ham ana shu vulqon va ovozdagi joziba saqlanib qoladi. U bu in’omdan to‘g‘ri foydalanib kelmoqda”, deydi so‘zga chiqqan san’atkorlardan Ozodbek Nazarbekov.  O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova esa bugungi kunda kim sizga munosib raqobatchi bo‘la oladi, deb so‘ralganda, u faqat Yulduz Turdiyeva deb aytishini ochiqladi.  

Taqdimotda ijro etilgan qo‘shiqlarning ko‘pchiligi allaqachon xalq ko‘nglidan o‘rin olib, muxlislar qalbini zabt etishga ulgurgan. Biroq gap bu qo‘shiqlarda emas, Yulduz Turdiyeva o‘ziga berilgan ulkan iste’dod, qolaversa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini qanchalik oqlayotganida. Xonanda yanada o‘z ustida ishlab, erinchoqlik qilmay, o‘zi aytganidek to‘yma to‘y bravermay, qo‘shiqlar sonini, qo‘shiqlarki, sifatli taronalarni ko‘paytirsa, xalq, xususan yoshlar orasiga kirib borib, maqomu estradani farqlashni o‘rgatsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Yulduz Turdieva

Baholaganlar

128

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar