Yo‘l harakati qoidalari yangi tahrirda ishlab chiqiladi

Jamiyat

image

2021 yil 1 yanvariga qadar Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahriri ishlab chiqiladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Vazirlar Mahkamasiga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan yo‘llagan parlament so‘roviga berilgan javobda aytib o‘tilgan.

Jumladan, so‘rovda umumta’lim maktablarida yo‘l harakati qoidalari va harakat xavfsizligi asoslarini o‘rgatish uchun o‘quv reja, dasturlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar mavjud emasligi masalasi ko‘tarilgandi. Shuningdek, xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha muassasalar o‘quv dasturiga tegishli mavzular kiritilmaganligi qayd etilgandi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasiga kelgan javobda parlament so‘rovidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilganligi ma’lum qilingan.

Unda “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” majburiy fanini joriy etish, tegishli dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash belgilandi. Bu masala bo‘yicha  normativ-huquqiy hujjat loyihasini 1 oktyabrgacha ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021 yil yanvar oyidan o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturiga yo‘l harakati qoidalarining kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Dasturda 2021 yil 1 yanvariga qadar Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturida 2021 yilning 1 iyuniga qadar test savollarini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. 

Bundan tashqari, 1 noyabrga qadar guvohnomasini yo‘qotgan haydovchilar arizasini qabul qilish va ichki tizim orqali ma’muriy amaliyot bo‘limidan zarur ma’lumotlarni elektron olish dasturini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bunda Ichki ishlar vazirligining yagona avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi ma’muriy amaliyot tizimi bilan integratsiya qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

IIV yo'l harakati qoidasi

Baholaganlar

117

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing