O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilyapti
Jamiyat
−
23 mart 2020
13083O‘zbekistonda koronavirus xavfi sabab 24 mart soat 00:01 dan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
Ilk navbatda koronavirus infeksiyasi asosan Toshkent shahri hududida aniqlanganligini inobatga olib va ushbu infeksiya respublikaning boshqa hududlariga tarqalishining oldini olish maqsadida boshqa hududlardan Toshkent shahriga kirish (avtobus, mikroavtobus, yengil avtotransport, aviaqatnovlar va temir yo‘l transporti vositalari orqali) 24 mart kuni soat 00:01 dan boshlab to‘xtatiladi.
Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar, shuningdek, Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda Toshkent shahrida mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida – ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlari hamda yuk tashish bilan bog‘liq hollarda Toshkent shahriga kirish va chiqishga ruxsat beriladi.
Toshkent shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi.
Eslatib ўтамиз, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 46 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi