Yirtiq va yarimta pullar bilan ham to‘lovni amalga oshirish mumkinligini bilarmidingiz?
Bu qiziq
−
05 yanvar 2023
14472O‘zbekiston hududida yirtilgan, yamalgan, bo‘yoq tekkan va yarimta pullar bilan ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”dagi Qarorining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining banknot va tangalarini to‘lovga yaroqli ekanligini aniqlash mezonlari to‘g‘risidagi ilovasida nazarda tutilgan.
Qaror talablariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tegishli himoya belgilariga ega bo‘lgan quyidagi banknotlarni hech qanday moneliksiz to‘lovga qabul qilishlari va tushum puli sifatida banklarga topshirishlari lozim:
• har qanday qismida teshik yoki yirtilish bo‘lgan, qog‘ozi siyqalangan (ishqalanish oqibatida yupqalashib, yumshoq qog‘oz ko‘rinishiga kelib qolgan) hamda dog‘lari bo‘lgan va turli rasm va yozuvlar yozilgan banknotlar;
• yirtilib bo‘laklarga ajralgan va yelimlangan pullar (agar pulning qismlari shubhasiz bitta banknotga tegishli bo‘lsa);
• bo‘yoq moddalari yoki kislota to‘kilgan, tabiiy rangi o‘zgargan, kuygan, bo‘yalgan yoki chizilgan pullar;
• umumiy hajmining 55 foizidan kam bo‘lmagan qismini saqlab qolgan banknotlar.
“Biroq, bank kassasiga mijozlar tomonidan tegishli himoya belgilari mavjud bo‘lgan, lekin jiddiy shikastlangan (xususan, katta bir qismi, ya’ni banknot umumiy hajmining kamida 40-45 foizi mavjud bo‘lmagan) banknotlar taqdim etilsa, ularning to‘lovga yaroqli ekanligini aniqlashda maxsus katakchalardan foydalanish lozim”, deyilgan Qarorda.
Ma’lumot o‘rnida, Qonunda nazarda tutilgan maxsus katakchalar banknotaning saqlanib qolgan qismini aniqlashda ishlatiladi.
LiveBarchasi