Yil oxirigacha aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash 4 foizga oshishi kutilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi yil yakunida bu ko‘rsatkichni 74 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kommunal xizmatlarni yaxshilash va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi yig‘ilishda so‘z borgan. 

Qayd etilishicha, joriy yilda 527 ta inshoot hamda qariyb 7 ming kilometr tarmoq barpo etilgan. Yil boshida aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 70 foiz bo‘lgan bo‘lsa, yil yakunida bu ko‘rsatkichni 74 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Mahallalar kesimida aytganda, 9 ming 309 ta mahalladan 3 ming 800 tasi to‘liq, qariyb 4 mingtasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan qishloqlarga suvni transportda yetkazish, shu bilan birga, imkoni bor joylarga tarmoq tortish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 2023 yilda Investitsiya dasturiga asosan 62 ta, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 373 ta ob’ekt foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bu ishlar natijasida 403 ta mahalladagi 3 milliondan ziyod aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi, 181 ta mahalla ilk bor bu tarmoqqa ulanadi.

Shuningdek, davlatning ijtimoiy buyurtmasi orqali tuman markazidan olisda joylashgan mahallalarni ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda 17 ta shunday qishloqqa 251 kilometr quvur tortilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari bu ishlarning hayot sifati va aholi salomatligidagi ahamiyatini ta’kidlab, qo‘shimcha ko‘rsatmalar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

19

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing