Yevropaga borayotgan migrantlar soni keskin kamaydi
Olam
−
16:14 1018 2 daqiqa
Yevropaga dengiz orqali borayotgan migrantlar soni keskin kamaydi, biroq halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar soni o‘sishda davom etmoqda. Bu haqda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yil boshidan beri Yevropaga dengiz orqali 60 mingga yaqin migrant va qochqinlar borgan. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 39 foizga kam degani.
BMT bildirishicha, Yevropaga olib boruvchi dengiz yo‘nalishlari ko‘chib o‘tuvchilar uchun dunyodagi eng xavfli (o‘lim darajasi yuqori) yo‘llardan biri bo‘lib qolmoqda. XMT ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2,3 ming kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan, vaholanki bir yil oldin bu ko‘rsatkich 2 ming kishini tashkil etgan.
Safarga otlangan migrantlar sonining eng sezilarli kamayishi Italiyaga olib boruvchi Markaziy O‘rta Yer dengizi yo‘nalishida qayd etilgan – 55 foizga, 21,4 ming kishigacha. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda halok bo‘lganlar soni 844 tadan 996 tagacha oshgan.
Gretsiyaga 20,4 ming kishi yetib borgan, Sharqiy O‘rta Yer dengizi yo‘nalishida halok bo‘lganlar soni esa 284 tadan 417 tagacha ko‘paygan. Ispaniya, o‘z navbatida, Atlantika va G‘arbiy O‘rta Yer dengizi yo‘nalishlari bo‘ylab borgan 16,8 ming migrantni qabul qilgan. U yerda 879 kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
Ko‘plab kema halokatlari va g‘oyib bo‘lish holatlari qayd etilmay qolayotgani sababli, qurbonlarning haqiqiy soni, ehtimol, ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, yanvar oyidan sentyabr o‘rtalarigacha 17 mingga yaqin migrant dengizda ushlanib, Liviyaga qaytarilgan. XMT xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, odam savdosi va suiiste’molchilikka qarshi kurashishga, shuningdek migratsiyaning xavfsiz va qonuniy yo‘llarini kengaytirishga chaqirmoqda.
Live
Barchasi