Yevropada o‘zbek birjasining birinchi savdo maydonchasi ochildi

Jamiyat

image

Latviyaning Riga shahrida ilk bor “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi”ning xorijiy savdo maydonchasi ochildi. Bu haqda birja Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Latviyaning Riga shahrida ilk bor “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ ning xorijiy savdo maydonchasi ochilgan. Birjaning yangi xorijiy savdo maydonchasi ta’sischisi Latviyaning OOO “Shipleart” (AP Holding) kompaniyasi bo‘lgan.

Birjaning yangi savdo maydonchasini ishga tushirilishi bilan bug‘doy, shakar, paxta yog‘i va boshqa mahsulotlarini birjaning elektron savdo tizimlari orqali erkin import qilish, shuningdek, neft mahsulotlari, qora metallar, kimyoviy mahsulotlar, elektrotexnika mashinalari va uskunalarini eksport qilish imkoniyatlari ochilmoqda. Bunda xorijiy kompaniyalar birja savdolari va elektron tijoratning bozor mexanizmlari imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekiston tovar bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishlari mumkin.

Mahalliy tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarimiz o‘z navbatida, xorijda faoliyat yuritayotgan birja savdo maydonchalarining birja va marketing xizmatlaridan foydalanib, o‘z mahsulotlarini tashqi bozorlarga samarali usul bilan olib chiqishlari ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining xalqaro savdo tarmog‘i Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Ukrainada joylashgan birja ofislarini o‘z ichiga qamrab oladi. Hozirgi kunda "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJ xalqaro savdo tarmog‘i 15 ta xorijiy savdo maydonchalaridan iborat.

Ma’lumot uchun, xorijiy savdo maydonchalari bu elektron birja savdolarining yagona tizimiga ulangan birjaning masofadagi savdo markazlaridir. Ular tadbirkorlarga birja savdolarida erkin qatnashish huquqini va birja bitimlarni mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

51

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing