Yevropada uchar mashinaning harakatiga ruxsat berildi (video)
Texnologiya
−
29 yanvar 2022
11827Slovakiyaning Klein Vision kompaniyasi o‘zining AirCar’ini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi va mamlakat rasmiylaridan unda parvoz qilish imkonini beruvchi rasmiy sertifikat oldi. Bu haqda “CarScoops” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ijodkorlarga birinchi chinakam ishlaydigan havo mashinasini yaratish uchun ikki yil va ikki million yevro kerak bo‘lgan. AirCar birinchi parvozini 2020 yilda amalga oshirgan.
“AirCar o‘zining birinchi parvozini 2020 yil oxirida amalga oshirdi va o‘shandan beri tizimli ravishda seriyali ishlab chiqarishga o‘tmoqda. Bunga parallel ravishda ruxsatnomalar olish ishlari olib borildi. Endi esa Klein Vision kompaniyasining uchar mashinasiga Slovakiya transport boshqarmasi tomonidan parvozga yaroqlilik sertifikati berildi. Buning uchun avtolet 70 soatdan ortiq parvoz sinovlarini o‘tkazdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, AirCar 160 ot kuchiga ega BMW dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, u 2,5 km gacha balandlikda va 190 km/soat tezlikda ucha oladi. Maksimal havo tezligi 300 km/soat va bitta yoqilg‘i quyish orqali taxminan 1000 kmga parvoz qilish imkoniyatiga ega. Hozirda 300 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan modelining takomillashtirilgan versiyasi tayyorlanmoqda.
“AirCar sertifikati yuqori samarali uchar avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarish uchun eshik ochadi. Bu o‘rta masofaga sayohat tushunchasini tubdan o‘zgartiradi”, deydi kompaniya asoschisi, ixtirochi va sinovchi-uchuvchi Stefan Klein.
Slovakiya uchar mashinasining sotuvlar boshlanishi sanalari va narxi hali e’lon qilinmagan.
LiveBarchasi