Yevropa yetakchilari Trampga sim qoqdi
Olam
−
11 dekabr 2923 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer kecha, 10 dekabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan 40 daqiqalik telefon suhbatini o‘tkazdi. Bu haqda Britaniya hukumatining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Suhbatning maqsadi – Ukrinadagi vaziyat va tinchlikka erishish bo‘yicha oldinga qadam tashlashdan iborat edi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, tomonlar hozir Ukrinaning o‘zi, uning aholisi va butun Yevro-Atlantika hududi xavfsizligi uchun juda muhim, keskin pallada turganini ta’kidlagan. Mers, Makron va Starmer AQSHning Ukrainada barqaror tinchlikka erishish va zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun ko‘rsatayotgan sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
Qayd etish joiz, bugun, 11 dekabr kuni Buyuk Britaniya va Fransiya raisligida Ukraina xavfsizligi bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu yig‘ilishda Rossiya tajovuzi ostida qolayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha masalalar, jumladan, AQSHning ehtimoliy hissasi ham muhokama qilinadi.
Oldinroq, AQSH Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etgan edi. Dastlabki variant Kiyev va Yevropa Ittifoqi tomonidan Moskva manfaatlariga mos deb baholangan. Shundan so‘ng, reja bosim ostida qayta ko‘rib chiqildi.
Shu voqealar fonida Tramp Zelenskiyni tanqid qilishni ham boshlab yubordi. Hukumati og‘ir ahvolda qolayotgan Zelenskiyga Trampning saylov o‘tkazish haqidagi gaplari yanada bosim yukladi. Vladimir Zelenskiy esa Trampga javoban mamlakat prezidentlik saylovlarinni 2-3 oy ichida o‘tkazishga tayyor bo‘lishi haqida aytdi. U, shuningdek, saylovlarga tayyor ekani, hokimiyat kursisiga yopishib olmaganini ham qo‘shimcha qilgan.