Yevropa Ukrainadagi xavfsizlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor – Makron
Olam
−
20 fevral 2025 5251 3 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Kanada, Islandiya va Norvegiya vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Yevropa Ukrainada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini bildirdi. U, shuningdek, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishini ta’kidladi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
“Biz Ukrainada mustahkam va ishonchli tinchlik bo‘lishini istaymiz. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz va Yevropada tinchlik hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamizga olamiz. Bu Fransiyaning asosiy manfaatidir va men uning kafolati bo‘laman”, deb yozdi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning maqsadi AQSH Prezidenti Donald Trampning urushni yakunlash istagi bilan mos keladi. Unga ko‘ra, Yevropaning tinchlik sa’y-harakatlari quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:
- Ukraina ittifoqdosh bo‘lib qolishi va uning manfaatlari e’tiborga olinishi lozim;
- Tinchlik uzoq muddatli bo‘lishi va ishonchli kafolatlar bilan mustahkamlanishi kerak;
- Yevropa xavfsizligiga e’tibor berish majburiy shart bo‘ladi.
Makron, shuningdek, Yevropa mudofaa xarajatlarini oshirish va xavfsizlik imkoniyatlarini mustahkamlash zarurligiga ishonch bildirgan. Uning aytishicha, tegishli qarorlar yaqin orada qabul qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Donald Tramp NATO davlatlarining mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foiziga yetkazishni talab qilgan. Bu esa oldindan kelishilgan 2 foizlik normadan yuqori. Biroq NATO ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda alyansga a’zo 32 davlatdan faqat 23 tasi bu ko‘rsatkichga erisha olgan. “Financial Times” manbalariga ko‘ra, Tramp o‘z talablarini yumshatib, ularni 3-3,5 foizgacha kamaytirishi mumkin.
Donald Tramp Yevropa davlatlarining Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan, ammo bu missiyada amerikalik askarlar ishtirok etmasligini ta’kidlagan. Uning ma’muriyati Yevropa davlatlaridan Ukrainaga yuborilishi mumkin bo‘lgan qo‘shinlar soni va qurollanish turi bo‘yicha ma’lumot taqdim etishni so‘ragan. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari AQSH qo‘llab-quvvatishini davom ettirish zarurligini ta’kidlamoqda, Yevropa maxsus xizmatlari esa AQSH qo‘shinlarining Yevropadan chiqarilish ehtimolidan xavotir bildirmoqda.
Qayd etish joiz, 17 fevral kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukraina hududiga qo‘shin yuborish masalasini muhokama qilish uchun favqulodda sammit o‘tkazdi, ammo bunda yakdil qarorga kelisholmadi. Taklifga Germaniya, Italiya, Polsha va Ispaniya qarshi chiqdi, Fransiya, Buyuk Britaniya va Shvetsiya esa uni qo‘llab-quvvatladi. https://qalampir.uz/news/yevropa-yetakchilari-trampning-rezhasi-sabab-favk-ulodda-sammit-utkazdi-114605
19 fevralda Niderlandiya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni jo‘natish ehtimolini ko‘zda tutuvchi rezolyutsiyani qabul qildi, ammo bu faqat Rossiya bilan sulh tuzilgandan keyin amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH razvedkasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududini to‘liq egallash niyatidan qaytmagani haqida xabar bergan edi. Kreml tinchlik muzokaralarini vaqtincha tanaffus sifatida ko‘rib, armiyasini tiklash va pozitsiyalarini mustahkamlash uchun foydalanishi mumkin.
Live
Barchasi