Yevropa “toji” uchun jang: PSJ va “Arsenal” finalidan nimalar kutish kerak?
Sport
−
12:44 1722 5 daqiqa
Bugun, 30 may kuni Budapesht shahridagi “Pushkash Arena” stadionida Yevropa klublar mavsumining eng muhim uchrashuvi — Chempionlar ligasi finali bo‘lib o‘tadi. Unda Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” va Angliyaning “Arsenal” jamoalari to‘qnash keladi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.
Jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro qarama-qarshilik qanday?
“Pari Sen-Jermen” va “Arsenal” Yevropa musobaqalarida bir necha bor to‘qnashgan, ammo ular o‘rtasidagi uchrashuvlar soni unchalik ko‘p emas. Tomonlar asosan guruh bosqichlari va pley-offning ilk raundlarida to‘qnash kelgan. Jamoalar shu kunga qadar 7 marta o‘zaro duch kelgan. Ularning 2 tasida parijliklar 2 tasida londonliklar zafar quchgan. Qolgan 3 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan. Hozirgacha ushbu juftlik Yevropa Chempionlar ligasi finalida uchrashmagan. Shuning uchun bu final ular tarixidagi birinchi yirik qarama-qarshilik sifatida qaralmoqda.
“Arsenal” uchun bu Chempionlar ligasi finallari tarixidagi juda kam uchraydigan imkoniyatlardan biri hisoblanadi. London klubi faqat bir marotaba ushbu turnir finaliga chiqqan. “To‘pchilar” 2006 yilda “Barselona”ga qarshi o‘yinda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrab ikkinchi o‘rin bilan cheklangan.
PSJ esa musobaqaning amaldagi chempionlari hisoblanadi. Ular 2020 yilda ilk bor Chempionlar ligasi final bosqichiga chiqqan. Tomas Tuxel boshqaruvidagi Parijliklar o‘sha yili “Bavariya”ga 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.
Budapeshtda joylashgan “Pushkash Arena” Yevropa markaziga yaqin hisoblanadi. Geografik jihatdan u Angliya va Fransiyaga nisbatan deyarli teng masofada joylashgan, ammo mutaxassislar tomonidan logistika va muxlislik harakati bo‘yicha Angliya tomoni biroz faolroq bo‘lishi kutilmoqda.
Londondon keluvchi muxlislar soni odatda Yevropa finallarida juda yuqori bo‘ladi, shu bilan birga Parij tomonidan ham katta qo‘llab-quvvatlash kutilmoqda. Shu sababli stadionda atmosfera muvozanatli bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Bu ikki mamlakat jamoalari to‘qnashuvida qaysi tomon ustun?
Angliya va Fransiya klublari Yevropa musobaqalarida uzoq yillardan beri o‘zaro raqobat qilib keladi. Umumiy tarixiy statistika Angliya klublari foydasiga shakllangan, chunki ular Yevrokuboklarda ko‘proq sovrin yutgan va final bosqichlarida barqarorroq ishtirok etgan. Chempionlar ligasi tarixida Angliya klublari 15 martadan ortiq chempion bo‘lgan, Fransiya klublari esa faqat 2 marta — 1993 yilda “Marsel” va 2025 yilda PSJ bosh sovringa ega chiqqan.
Final tajribasi bo‘yicha ham Angliya ancha oldinda. “Manchester Yunayted”, “Liverpul”, “Chelsi” va “Manchester Siti” kabi klublar bir necha bor finalda o‘ynagan va sovrin yutgan. Fransiya tomondan esa asosan PSJ yagona barqaror vakil sifatida so‘ngi yillarda finallarda ishtirok etib kelmoqda.
Ikki mamlakat klublari Chempionlar ligasi va Yevropa musobaqalarida 30 dan ortiq marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Umumiy hisobda Angliya klublari g‘alaba foizi yuqoriroq.
So‘nggi yillarda esa farq kamaygan. PSJ 2020 yildan keyin Yevropa finali va yarim finaliga muntazam chiqib, ingliz klublariga qarshi ko‘proq muvaffaqiyat qozona boshladi. Misol uchun o‘tgan mavsumda parijliklar finalgacha pley-off bosqichida faqat ingliz jamoalari bilan to‘qnash kelib, chempionlikka qadar yetib bordi.
Bu yangi vaqtda bo‘ladigan birinchi final
UEFA joriy yil Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan finaldan boshlab, Chempionlar ligasi finalining start vaqti odatdagi 21:00 dan 18:00 ga ko‘chirmoqda. Bu bilan endi YeCHL finali har yili Toshkent vaqti bilan 00:00 da emas, 21:00 da boshlanadi.
UEFA bu qaror muxlislar, jamoalar va mezbon shaharlar uchun qulaylik yaratish, logistika va tashkiliy jarayonlarni yaxshilash hamda umumiy tajribani boyitish maqsadida qabul qilish bilan izohlamoqda.
Tashkilotchilarga ko‘ra, yangi vaqt sayohat qiluvchi muxlislar uchun ham qulaylik tug‘diradi. Ular o‘yindan keyin jamoat transportidan bemalol foydalanib, xavfsizroq va tezroq qaytish imkoniga ega bo‘ladi. Mezbon shaharlar uchun esa bu – futbol bayramini uzoqroq davom ettirish va iqtisodiy ijobiy ta’sirni kuchaytirish imkonini beradi.
“Hafta o‘rtasidagi o‘yinlar uchun soat 21:00 mos bo‘lsa-da, final odatda shanba kuni o‘tkaziladi. Ertaroq boshlanishi o‘yin qo‘shimcha vaqt yoki penaltilargacha cho‘zilsa ham baribir oldinroq yakunlanishini ta’minlaydi. Bu esa muxlislarga do‘stlari va oilalari bilan kechqurun vaqt o‘tkazish imkonini beradi”, deya izoh bergan edi UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin.
Bu finalning eng muhim jihatlaridan biri — ikkala jamoani ham ispaniyalik murabbiylar boshqarayotgani. Luis Enrike va Mikel Arteta o‘rtasidagi bu to‘qnashuv UEFA Chempionlar Ligasi tarixida juda noyob holat hisoblanadi.
Ikki ispaniyalik murabbiyning to‘qnashuvi
Tarixiy statistikaga ko‘ra, Chempionlar ligasi (va oldingi Yevropa Kubogi) finalida faqat 4 marta bir mamlakat murabbiylari bir-biriga qarshi kelgan: 1979, 2003, 2013 va 2020 yillarda. Bu esa bunday holatning o‘rtacha har 10–15 yilda bir marta yuz berishini ko‘rsatadi.
Endi esa birinchi marta finalda ikki ispaniyalik murabbiy — Luis Enrike (PSJ) va Mikel Arteta (“Arsenal”) to‘qnash kelmoqda.
So‘nggi statistikaga ko‘ra, 2025-2026 mavsum Yevropa final bosqichlarida ispaniyalik murabbiylar 8 ta finaldan 6 tasida ishtirok etmoqda, bu esa taxminan 75% ulush degani. Bu ko‘rsatkich UEFA tarixidagi eng yuqori murabbiylar “dominatsiyasi” sifatida qayd etilmoqda.
Luis Enrike esa alohida rekordga ega: u so‘nggi yillarda ishtirok etgan finallarining 12 tasidan 11 tasida g‘alaba qozongan.
Mikel Arteta esa ilk bor Chempionlar ligasi finaliga chiqmoqda, bu esa uning Yevropa tajribasi uchun yangi bosqich hisoblanadi.
Tarixiy jihatdan, ispaniyalik murabbiylar Chempionlar Ligasida katta muvaffaqiyatga ega: Pep Gvardiola va Luis Enrike kabi murabbiylar so‘nggi 15 yilda Chempionlar ligasining asosiy g‘oliblarini shakllantirgan. Shuningdek, 2020 yillardan boshlab ispaniyalik murabbiylar Yevropa final bosqichlarida eng ko‘p vakillikka ega millatga aylangan.
Live
Barchasi