Yevropa Rossiyaning Ukrainaga yangi hujum boshlashidan xavotirlanyapti

Olam

image

Yevropa rahbarlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan mamlakatining xavfsizlik kafolatlari yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan yangi hujum boshlashi ehtimoli borligidan tashvish bildirdi. Bu haqda bugun, 4 sentyabr kuni manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

O‘tgan hafta Fransiyaning Tulon shahrida bo‘lib o‘tgan majlisda Germaniya va Fransiya rasmiylari Donetsk viloyatining sharqidagi Pokrovsk yaqinida Rossiya qo‘shinlarining to‘planishi haqida muhokama olib bordi. Zelenskiyning o‘zi ham o‘tgan hafta aytganidek, Rossiya front chizig‘iga Pokrovsk tashqarisiga taxminan 100 ming soldatni joylashtirgan. Agentlikning yozishicha, rossiyalik qo‘shinlar bir yildan ortiq vaqtdan beri mazkur shaharni o‘rab olish va egallashga urinayotgan bo‘lsa-da, haligacha muvaffaqiyatga erisha olmagan.

“Pokrovskning qo‘lga olinishi Rossiya uchun ancha katta shaharlar — Kramatorsk va Slavyanskka hujum qilish yo‘lini ochadi. Moskva butun Donetsk viloyati ustidan nazorat o‘rnatishga intilmoqda”, deb yozadi “Bloomberg”.

Materialda aytilishicha, Rossiyaning yozgi hujum operatsiyasi Kremlga haligacha katta hududiy yutuq olib kelmadi. May-avgust oylarida Moskva qo‘shinlari asta-sekinlik bilan 2033 kvadrat kilometrni egalladi, bu esa Ukraina umumiy hududining bor-yo‘g‘i 0,3 foizini tashkil etadi.

“Bloomberg” manbalariga ko‘ra, bugun, 4 sentyabr kuni Parijda bo‘lib o‘tadigan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida Yevropa darajasida “urushdan keyingi Ukraina” uchun xavfsizlik kafolatlari haqida aniq qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Manbalarning ta’kidlashicha, Yevropa rahbarlari AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan ham muzokaralar olib borish va Ukraina uchun Vashingtonning aniq majburiyatlarini belgilash, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga undash niyatida. Chunki Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqin vaqt ichida Zelenskiy bilan uchrashish istagini bildirmayapti.

Fransiya poytaxtida Zelenskiy bilan uchrashuvda Niderlandiya va Polsha Bosh vazirlari shaxsan ishtirok etishi, Buyuk Britaniya va Italiya Bosh vazirlari, Germaniya kansleri hamda AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff esa videokonferensiya orqali qo‘shilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing