Yevropa Rossiya gaziga qaramlikdan qutildimi?

Olam

image

Yevropa davlatlari joriy yilda Rossiyadan dengiz orqali tashiladigan suyultirilgan tabiiy gazni rekord miqdorda xarid qildi. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiyadan Yevropaga o‘tadigan quvurlarda gaz to‘xtagan bo‘lsa-da, tankerlardan tashiladigan suyultirilgan gazni eksport qilish hamon davom etmoqda. Bu esa Yevropaning Rossiya gaziga qaramlikdan qutilmaganini ko‘rsatadi.

Yevropa davlatlari joriy yilning yanvaridan oktyabrigacha Rossiyadan xarid qilgan gaz 2021 yilning xuddi shu davriga nisbatan 40 foizga ko‘proqdir. “Bu Bryusselning Moskva gazidan voz kechish haqidagi da’volariga qaramay, Rossiyaning gaziga qaramlikdan qutulish qiyinligini ko‘rsatadi”, deb yozadi nashr.

Oxirgi o‘n oy davomida Rossiya Yevropaga 17,8 milliard metr kub gaz eksport qilgan. Biroq shu davr ichida quvur liniyasidan 62,1 milliard metr kub gaz Yevropaga oqqan bo‘lardi. Shunday bo‘lsa-da, suyultirilgan gazni eksport qilayotgan Yevropa Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni energiya “quroli” bilan ta’minladi.

Global tadqiqot markazining tahlilchisi Ann-Sofi Korbo Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz sotib olishning oqibatlaridan ogohlantirdi.

“Bir kuni Putin uyg‘onib, “biz Yevropaga suyultirilgan tabiiy gaz jo‘natishni to‘xtatamiz”, deyishi mumkin. Bu esa mintaqani yanada qimmatroq bozordan gaz sotib olishga majbur qiladi”, deydi tahlilchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya siyosiy yutuqlarga erishish va yevropaliklarga bosim o‘tkazish uchun suyultirilgan gaz tankerlarini Pokiston, Bangladesh kabi energiyaga chanqoq mamlakatlarga yo‘naltirishi mumkin. Chunki yuqoridagi kabi davlatlar energiya taqchilligidan azob chekadi va ularning gaz sotib olishga qurbi yetmaydi.

Ba’zi Yevropa davlatlari energiya xavfsizligi tufayli Rossiya gaziga nisbatan sanksiyalar kiritmadi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, quvurlar orqali gaz oqimini to‘xtatib, Yevropa uchun kundalik hayot tarzini yomonlashtirishga harakat qildi. Qolaversa, Rossiya quvurlarni to‘xtatish orqali energiya narxining ham qimmatlashiga sababchi bo‘ldi.

“Bruegel” tahliliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadan quvurlar orqali gazni eksport qilish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 80 foizga kamaygan.

Yevropaga Rossiyadagi suyultirilgan tabiiy gazning katta qismi “Novatek” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan “Yamal LNG” qo‘shma korxonasidan keladi.

Rossiya 2017 yildan buyon Yevropa uchun yetakchi uchta energiya manbasidan biri hisoblanadi. Yevropa so‘nggi uch yil ichida umumiy import qilgan gazning qariyb 20 foizini Rossiyadan olgan. AQSHdan esa energiyaning 42 foizi sotib olingan. Kuchli uchlikni Qatar yakunlab bergan. Arab mamlakati Yevropaning gazga bo‘lgan talabining 13,7 foizini qondiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin

Baholaganlar

249

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing