Yevropa Rossiya gazi o‘rnini AQSHniki bilan to‘ldirmoqchi
Olam
−
09 noyabr
3021Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen AQSHning yangi prezidenti etib saylangan Donald Trampga Yevropa bozoridagi Rossiya suyultirilgan gazini Amerika gaziga almashtirishni taklif qildi. U bu masalani 7 noyabr kuni amerikalik siyosatchi bilan telefon suhbatida ko‘targan.
Uning aytishicha, Yevropa hali ham Rossiyadan katta hajmdagi suyultirilgan gaz oladi.
“Nega uni biz uchun arzonroq va energiya narxini pasaytiradigan Amerikaning suyultirilgan gazi bilan almashtirmaslik kerak”, deydi fon der Lyayen.
Yevrokomissiya rahbari jurnalistlar bilan suhbatda Bryussel va Vashington o‘rtasidagi “umumiy manfaatlar” atrofidagi hamkorlik muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, AQSHdan suyultirilgan gaz yetkazib berishni kengaytirish masalasi Yevropa Ittifoqining AQSH bilan savdo balansidagi profitsiti munosabati bilan ham muhokama qilinishi mumkin.
Germaniya kansleri Olaf Shols ham transatlantik savdo aloqalari muhimligiga amin.
“Qo‘shma Shtatlarning o‘sishi va kuchi uning butun dunyo bilan har ikki yo‘nalishda ham savdo qilishiga bog‘liq. O‘ylaymanki, umumiy siyosatni ishlab chiqish uchun asos bor”, dedi Germaniya hukumati rahbari Vengriyadagi norasmiy Yevropa Ittifoqi sammitida.
Yevropa Ittifoqi energetika masalalari bo‘yicha komissari Kadri Simson sentyabr oxirida aytganidek, Yevropa Ittifoqi iste’mol qiladigan barcha gazning atigi 15 foizini Rossiyadan oladi va rejalashtirilganidek, yaqin kelajakda undan butunlay voz kechishga tayyor.
“Rossiyaga qaramligimiz 2021 yildagi 45 foizdan o‘tgan yili 15 foizga kamaydi”, deya tushuntirdi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oktyabr oyi oxiriga kelib, Yevropa omborlaridagi gaz zaxiralari 95 foizga yetdi va qishdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan darajadan oshib ketdi.
LiveBarchasi