Yevropa Xitoyga yutqazyapti: mintaqada 300 mingta ish o‘rni qisqarishi mumkin

Olam

image

Yevropa Ittifoqida Xitoy bilan raqobat kuchayishi sabab joriy yil oxirigacha ishlab chiqarish sohasida 300 mingga yaqin ish o‘rni qisqarishi mumkin. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Yevropadagi metall sanoati vakillarini birlashtiruvchi Eurometal tashkiloti Xitoy kompaniyalarining Yevropa sanoatidagi ta’minot zanjirlariga tobora chuqurroq kirib borayotganidan xavotirda. Tashkilot Bryusselni bu jarayonga qarshi choralar ko‘rishga chaqirmoqda.

Eurometal bugun, 7 sentyabr kuni Bryusselda Yevropa Komissiyasi qarorgohi oldida norozilik aksiyasini o‘tkazishni rejalashtirgan. Aksiya davomida ishlab chiqarish sanoatidagi muammolarni ramziy ifodalash uchun 10 ta tobut olib chiqiladi. Ularga “Yevropa raqobatbardoshligi”, “sanoatdagi ish o‘rinlari” va “Yevropa zavodlari” kabi yozuvlar tushiriladi.

Eurometal prezidenti Aleksandr Yuliusning aytishicha, Xitoy xomashyo yetkazib beruvchi davlat bo‘lib qolishni emas, balki tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirlarining muhim qismini nazorat qilishni maqsad qilmoqda. Uning fikricha, Xitoydan metall va kimyoviy mahsulotlar kabi butlovchi qismlarning kirib kelishi Yevropadagi ishlab chiqarishning katta qismiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yevropalik ishlab chiqaruvchilar Xitoydan olib kirilayotgan butlovchi qismlarga nisbatan yetarlicha cheklovlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Yevropadagi metall ishlab chiqaruvchilar po‘lat importi uchun bojlar va yuqori energiya xarajatlaridan tashqari, uglerod chiqindilari uchun ham to‘lov qilmoqda.

Yuliusning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda ishlab chiqarilgan butlovchi qismlar bunday to‘lovlarning aksariyatidan ozod. Xitoy yuanining nisbatan past baholanishi ham Yevropa kompaniyalarining xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlashishini qiyinlashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqi avvalroq Xitoyning elektromobillariga boj joriy qilgan, iyun oyida esa xorijiy po‘lat importiga nisbatan tariflarni oshirgan. Shu bilan birga, Yevropa Komissiyasining iyun oyidagi tahliliga ko‘ra, yuqori energiya xarajatlari va global raqobat sabab Yevropada 1 milliondan ortiq ish o‘rni qisqarishi mumkin.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqining Xitoy bilan yillik savdo muvozanatidagi tafovut 360 milliard yevroni tashkil etmoqda. Tomonlar savdo urushi oldini olish maqsadida uch oy davomida muzokaralar olib borishga kelishgan. Muzokaralar oktyabr oyida yakunlanishi kutilmoqda.

Xitoy esa Yevropa Ittifoqini proteksionizmda ayblab, xitoylik kompaniya va mahsulotlarga qarshi yangi choralar ko‘rilgan taqdirda javob choralari ko‘rilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen kompaniyasi xarajatlarni kamaytirish maqsadida 50 mingta ish o‘rnini qisqartirish va avtomobil modellarining qariyb yarmini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing