Yevropa Ittifoqi Rossiyaning “yo‘q qilinishini” xohlamaydi – Borrel
Olam
−
24 fevral 2023
5322Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevroittifoq Rossiyaning “yo‘q qilinishini” xohlamasligini aytdi. U bu fikrini bugun, 24 fevral kuni Ispaniyaning “El Periodico” gazetasiga bergan intervyusida bildirdi.
“Biz Ukrainani Rossiyada siyosiy o‘zgarishlar qilishini qo‘llab-quvvatlamaymiz va ochig‘ini aytganda, biz Rossiyaning yo‘q qilinishini xohlamaymiz”, degan Yevropa diplomatiyasi rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha Yevropa davlatlarining ham mojaroga munosabati bir xil emas. U ittifoqda sanksiyalarning oqibatlariga shubha bilan qaraydigan, ular ish bermaydi va kiritilmasligi kerak edi, deb hisoblaydigan mamlakat borligi, biroq u davlat birlikni buzmaslik uchun cheklovlar bo‘yicha barcha takliflarga ovoz berganini aytgan.
Shuningdek, Borrel hamjamiyatning Ukrainadagi vaziyatga reaksiyasi juda sekin bo‘layotgani, ittifoq a’zolari Kiyevga iloji boricha tezroq qurol aslahalar yetkazib berishi kerakligini aytgan.
“Albatta, uch oy davomida “Leopard” tanklarini jo‘natish yoki jo‘natmaslikni muhokama qilishdan ko‘ra, ularni ertaroq jo‘natishsa yaxshi bo‘lardi. Rossiya qurol ishlab chiqara oladi va uning resurslari bizda mavjud bo‘lgan, hozirda tezlik bilan tugab borayotgan zaxiralarimizdan ancha yuqori. Bizda nima borligini bilamiz. Biz ko‘proq o‘q-dorilar ishlab chiqaramiz, biroq ishlab chiqarish hali davom etyapti, shunday ekan o‘zimizda bor narsani Ukrainaga beraylik”, degan Borrel.
Eslatib o‘tamiz,19 fevral kuni Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi mamlakatlari sanoatini harbiylashtirishga chaqirgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi