Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda vakolatxona ochadi
Jamiyat
−
24 iyun 2021
2081O‘zbekistonda 2021 yilning oxiriga qadar Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) vakolatxonasi ochilishi kutilmqoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Rossiyaning poytaxti Moskvada YeOTB boshqaruv raisi Nikolay Podguzov bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida Bank resurslarini O‘zbekistonda investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirishga jalb etish maqsadida YeOTB bilan hamkorlikni kengaytirishga oid joriy masalalar va istiqbollar muhokama qilingan.
Tomonlar Bank tarafidan moliyalashtirish uchun eng istiqbolli investitsiya loyihalarini o‘rganishga va tegishli tayyorgarlik ishlarini birgalikda olib borishga kelishib olgan. Shuningdek, gidroenergetika, infratuzilmaviy qurilish va transport sohalarida mintaqaviy ahamiyatga molik yirik loyihalarni amalga oshirishda YeOTB ishtirokining istiqbollari muhokama qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, YeOTB — mintaqaviy rivojlanish banki, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi tomonidan 2006 yilda tashkil etilgan. Ayni vaqtda olti davlat ushbu bankning a’zosi hisoblanadi. Bular: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya.
LiveBarchasi