Yevroittifoq komissari O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
17 mart
2988Bugun, 17 mart kuni Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Jozef Sikela O‘zbekistonga tashrif buyurdi va Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Bu haqda Saidov o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissari Jozef Sikela janoblari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘llarini o‘rganib chiqib, iqtisodiy hamkorlik, sarmoyaviy va mintaqaviy barqarorlikka katta e’tibor qaratdik”, deya yozgan Baxtiyor Saidov.
Shuningdek, Saidov Yevropa Ittifoqi ishonchli va strategik sherik bo‘lib qolayotgani va umumiy farovonlik yo‘lida hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanliklarini yozib qoldirgan.
Jozef Sikela 12-18 mart kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekistonga ham tashrif buyurishi kutilgan edi. Uning Markaziy Osiyoga sayohati Turkmaniston Respublikasidan boshlandi. Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni amaliy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Savdo munosabatlarini rivojlantirish, transport aloqalari, energetika xavfsizligi, innovatsion va sarmoyaviy faoliyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shu doirada Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” tashabbusini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Qolaversa, aynan o‘sha kuni kommisarni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qabul qildi.
Shundan so‘ng, Yevropa Ittifoqi komissari o‘z tashrifini Qozog‘istonda davom ettirdi. U yerda ham vakilni mamlakat Prezidenti Qosim Jomart To‘qayev qabul qildi. Tomonlar mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xalqaro maydonda, shu jumladan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formati doirasida yondashuvlarni yanada muvofiqlashtirishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.
Sikelaning keyingi manzili Tojikiston bo‘ldi. U, tashrif doirasida dunyodagi eng yirik energetika infratuzilmalaridan biri bo‘lgan Rog‘un gidroelektr stansiyasiga tashrif buyurdi. An’anaga muvofiq uni ham Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon qabul qildi. Ikki o‘rtada Tojikiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar istiqbollari hamda dolzarb mintaqaviy muammolar muhokama qilingan.
Jozef Sikelani Qirg‘istondagi tashrifi doirasida bugun, 17 mart kuni mamlakat Prezidenti Sadir Japarov qabul qilgan. Uchrashuvda strategik hamkorlikning asosiy masalalari muhokama qilingan. Prezident Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston mustaqillikka erishganidan beri uning ishonchli hamkori bo‘lib kelganini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Jozef Sikelani qabul qilishi kutilmoqda.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart