Yevro-2024 oldidan Niderlandiya jiddiy yo‘qotishga uchradi
Sport
−
11 iyun
2893Niderlandiya terma jamoasining asosiy yarim himoyachisi va yetakchisi Frenki de Yong 2024 yilgi Yevropa chempionatini o‘tkazib yuboradi. Bu haqda terma jamoa bosh murabbiyi Islandiyaga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
De Yong aprel oyida “Barselona” safida olgan tizzasidan olgan jarohati oqibatida o‘zini yomon his qilayotgandi, biroq keyinroq klub tibbiyot xodimlari futbolchi jarrohlik amaliyotiga muhtoj emas deb qaror qildi va u mavsumni davom ettirdi.
Yevro-2024'ga tayyorgarlik boshlanganidan keyin futbolchi tizzasida og‘riqni his qilishda davom etdi va terma jamoa shifokorlari uni turnirda o‘ynatmaslikka qaror qildi.
“Uchar gollandlar” bosh murabbiyi Ronald Kuman Islandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida holat yuzasidan “Barselona”ni aybladi.
“Frenkida jarohat bor, shuning uchun biz uning sog‘lig‘i haqida o‘ylashimiz kerak. Uning klubi tavakkal qilishga qaror qildi va buning jabrini esa biz ko‘ryapmiz”, deydi Kuman.
Ma’lumot uchun, Niderlandiya Yevro-2024'dagi ilk o‘yinini 16 iyun kuni Polshaga qarshi o‘tkazadi. Shuningdek, Ronald Kuman shogirdlari guruh bosqichida Fransiya va Avstriya bilan bahs olib boradi.
LiveBarchasi