YeTTB yaqinda tarixda taqiqda bo‘lgan o‘zbek paxtasini sotishda ko‘maklashmoqchi

Jamiyat

image

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston paxtasiga xorijiy xususiy sektor kompaniyalarini jalb etish borasida ko‘maklashishga tayyor. Bu haqda kecha, 22 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan YeTTB Prezidenti Odil Reno-Basso O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uchrashuvda YeTTB moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda umumiy qiymati 1,7 mlrd yevroga teng 57 ta loyihani amalga oshirishi aytilgan.

Bundan tashqari, YeTTB Prezidenti “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek to‘qimachiligiga e’lon qilingan boykotning bekor qilinishini olqishlab, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga xorijiy xususiy sektor kompaniyalarini jalb etish borasida ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, Bank Boshqaruvchilar Kengashining shu yil Marrokash shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yillik yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtalib, O‘zbekistonning investitsiyaviy istiqbollariga bag‘ishlangan alohida sessiyani tashkil etishga kelishib olingan. 

“Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. YeTTB Prezidenti Bank tomonidan gender tengligi masalalarini hal etish bo‘yicha loyiha va dasturlarga investitsiyalarni ko‘paytirish hamda ularning umumiy investitsiya hajmidagi ulushini 40 foizgacha oshirishni rejalashtirayotganligini ma’lum qildi. Shu nuqtai nazardan, Bank rahbariyati “Ayollar biznesda” dasturini kengaytirish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mamlakatimiz tijorat banklariga maqsadli kredit liniyalari taqdim etish orqali O‘zbekistonda ayollarning huquq va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, konstruktiv muloqot chog‘ida "yashil" energetika, tog‘-kon sanoati, transport va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

274

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing