Yetakchilar ochko yo‘qotdi: APLda 22-tur qanday o‘tdi?
Sport
−
14:56 588 3 daqiqa
Kecha, 18 yanvar kuni Angliya Premer-ligasining 22-turi doirasidagi uchrashuvlar yakunlandi. Turning markaziy bahsida “Manchester Siti” derbida “Manchester Yunayted”ga imkoniyatni boy berdi. Peshqadam “Arsenal” va “Liverpul” jamoalari esa o‘z uchrashuvlarida durang natija qayd etdi.
“Manchester Yunayted”-“Manchester Siti” – 2:0. Derbida “Manchester Yunayted” Karrik qo‘l ostidagi ilk g‘alabasini nishonladi. Mezbonlarga g‘alaba taqdim etuvchi gollarga Brian Mbemo va Patrik Dorgu mualliflik qildi. “Siti” tarkibida Abduqodir Husanov to‘liq 90 daqiqa harakat qilib, himoyadagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘ldi.
“Chelsi”-“Brentford” – 2:0. “Chelsi” ham yangi murabbiy qo‘l ostida dastlabki 3 ochkosini qo‘lga kiritdi. “Aristokratlar” o‘z maydonida Joao Pedro va Palmerning gollari evaziga g‘alabani rasmiylashtirdi.
“Lids Yunayted”-“Fulhem” – 1:0. Ushbu o‘yinda “Lids Yunayted” so‘nggi daqiqadagi gol bilan raqibdan ustun keldi. “Fulhem” ham gol urish uchun imkoniyatlar yaratdi, biroq mezbonlar himoyasini yengib o‘ta olmadi.
“Liverpul”-“Byornli” – 1:1. “Liverpul” ko‘proq hujum qilgan bo‘lsa-da, “Byornli” himoyadagi muvaffaqiyatli harakatlari evaziga ochko yo‘qotmadi. Florian Virs gol urdi, unga Markus Edvards javob berdi.
“Nottingem Forest”-“Arsenal” – 0:0. Peshqadam “Arsenal” safar o‘yinda durang natijaga rozi bo‘ldi. Ta’qibchilarning ochko yo‘qotishi tufayli “to‘pchilar” ketma-ket ikki durangdan keyin ham yetakchilikni saqlab qoldi.
“Sanderlend”-“Kristal Pelas” – 2:1. Mezbon jamoa “Sanderlend” o‘z muxlislari oldida “Kristal Pelas”ni kichik hisob bilan mag‘lub etdi va turnir jadvalida 9‑pog‘onaga ko‘tarildi.
“Tottenxem”-“Vest Hem” – 1:2. Ketma-ket 5 uchrashuvda g‘alaba qozona olmay kelayotgan “Tottenxem” bu o‘yinda ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Londonliklar safarda “Vest Hem”ga 90+3 daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol evaziga mag‘lub bo‘ldi.
“Vulverxempton”-“Nyukasl” – 0:0. Har ikki jamoa himoyaviy o‘yin ko‘rsatdi. Yakunda har jamoa bir ochkodan bo‘lishib, durang natijaga rozi bo‘ldi.
“Aston Villa”-“Everton” – 0:1. So‘nggi turlarda natijalar bilan chempionlik kurashiga qo‘shilgan Unai Emeri shogirdlari o‘z maydonida “Everton”ga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi.
“Brayton”-“Bornmut”. Bu uchrashuv bugun, 19 yanvar kuni kechqurun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda turnir jadvalida Londonning “Arsenal” jamoasi 50 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Manchester Siti” 43 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda, “Aston Villa” esa xuddi shu ko‘rsatkich bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi. Angliya Premer-ligasida navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 24 yanvar sanasidan boshlanadi.
Live
Barchasi