Yoshlarning raqamli portreti: Prezident farmoni bilan qanday yangiliklar joriy etilmoqda?

Jamiyat

image

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 14-30 yosh oralig‘idagi aholi soni qariyb 10 millionni tashkil qiladi. Ularning har biri – mamlakatning kelajakdagi imkoniyatidir.

Afsuski, ba’zan bu imkoniyatlarning ma’lum qismi e’tibordan chetda qolib ketadi. Kimdir ishsizlikdan qiynalib migratsiyaga ketadi, kimdir ta’limdan uzilib qoladi, yana kimdir turmush qiyinchiliklaridan ruhdan tushadi. Bu jarayon ko‘pincha jamiyat ko‘zidan pinhon o‘tardi.

Chunki aniq ma’lumotlarga asoslangan haqqoniy kartinani bilish mushkul. Kim ishsiz, kim imtiyozga muhtoju, lekin ololmayapti, kim esa aksincha, faqat imtiyoz bilan yashashga o‘rganib olgan. Iqtidorli yoshlarga barcha imkoniyatlar yetib boryaptimi, huquqbuzarlikka moyilligi bor yoshlarni vaqtida aniqlab, bu yo‘ldan qaytarishga harakat qilindimi – bu kabi savollarga asoslantirilgan aniq javoblarni faqat raqamlar va aniq ma’lumotlar orqali olish mumkin.

“Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni aynan shu savollarning javobini topishga qaratilgan mexanizmlarni aniq belgilab bermoqda.

Farmondagi eng katta yangiliklardan biri – “Yoshlar yagona elektron platformasi”ning tashkil etilishi. Bu tashabbus orqali davlat birinchi bor 30 yoshgacha bo‘lgan har bir yoshning hayotini to‘liq “raqamli portret”da ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu tarixiy qadam. Chunki avval yoshlar haqida gap ketganda, “umumiy tasavvur”lar bilan cheklanilardi. Endi esa, ularning har bir orzusi va muammosi fakt va raqamlarda namoyon bo‘ladi.

Yoshlarni sarson qilmaydigan tizim

Prezidentning yoshlar bilan muloqotida aytilgan gaplar ushbu Farmonda o‘zining huquqiy yechimini topdi. 

2025 yil 30 iyun kuni Prezidentning yoshlar bilan muloqoti butun mamlakatda katta rezonans uyg‘otdi. Chunki birinchi marta davlat rahbari yoshlarning muammosini idoralar o‘rtasida aylantirmasdan, mahalla darajasida hal qilish zarurligini ochiq aytdi.
Yangi farmon mana shu muloqotning huquqiy ifodasiga aylandi. Endi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, sinf rahbari, psixolog, mahalla raisi va yoshlar yetakchisi — bir zanjirda ishlaydi. Masalan, dars qoldirgan o‘quvchi yoki bitiruvchi sinfdagi qiziqishlari noma’lum yigit endi “yo‘qolib ketmaydi”. Uning ro‘yxati tuziladi, qiziqishi qayd etiladi, va yoshlar yetakchisi uning yo‘lini topishi uchun mas’ul bo‘ladi.

Hokim yordamchilari esa o‘quvchilarning kasbga qiziqishini amaliy hayot bilan uyg‘unlashtirib, ularni mahalladayoq korxonalarga yo‘naltiradi. Bir so‘z bilan aytganda, yoshning orzusi qog‘ozda emas, hayotda qo‘llab-quvvatlanadi.

Bu tizimning ahamiyati shunda: avval yoshlarning muammosi “maktabning ishi”, “oila muammosi”, “davlatning vazifasi” degan bahonalarda yo‘qolib ketardi. Endi esa, yoshlar e’tibor markazida turibdi. Ularning muammosi mahalla uchun ham, davlat uchun ham umumiy mas’uliyatga aylanmoqda.

Savol tug‘iladi: agar mahalladan boshlangan bu tizim haqiqatan ishlasa, jamiyatning ma’naviy muhiti o‘zgarmaydimi? Yoshlar panoh topsa, ularning orqasidan butun jamiyat ham tetiklashmaydimi? 

Albatta, shunday bo‘ladi.

Yoshlar yetakchilari endi aniq vazifalarni bajaradi

O‘zbekistonda 9 mingdan ziyod mahalla bor. Ular orasida “yoshlar yetakchisi” degan lavozim ham mavjud. Lekin aytaylik, o‘tgan yillarda bu lavozim ko‘pincha qog‘ozda qoldi. Yetakchi asosiy vaqtini hisobot tayyorlash va yig‘ilishlarda o‘tkazardi.

Farmon bilan yoshlar yetakchilarining qaysi vazifalar bilan shug‘ullanishiyu, ularni qanday ishlarga jalb qilish mumkin emasligi aniq belgilab berildi. Endi yoshlar yetakchilari har bir yosh bilan shaxsiy ish olib boradi. Masalan, ishsiz qolgan bitiruvchi, dars qoldirgan o‘quvchi yoki sportga qiziqqan, ammo sharoit topa olmagan bola – barchasi bilan aniq ma’lumotlar asosida ishlaydi. Yetakchining faoliyati samaradorligi ham raqamli platformada baholanib boradi.

Shu orqali yoshlar yetakchisining mahallada yoshlar taqdiri uchun mas’uliyati yanada oshirilmoqda. Bu jamiyatning eng quyi bo‘g‘inidagi katta burilishdir.

Raqamli portret: katta ma’lumotlar zamoni

2026 yildan ishga tushadigan “Yoshlar yagona elektron platformasi” butun tizimning yuragiga aylanadi. Unda 30 yoshgacha bo‘lgan har bir inson haqida turli vazirlik va idoralardan olingan ma’lumotlar jamlanadi:

  • ta’lim muassasalarida o‘qishi;
  • ish bilan ta’minlangan yoki ta’minlanmagani;
  • tadbirkorlik faoliyati va soliqlar;
  • ijtimoiy himoya yoki nogironlik holati;
  • hatto huquqbuzarlik faktlarigacha.

Avval bunday ma’lumotlar turli idoralarda tarqoq holda saqlanardi. Endi esa ular bitta tizimga yig‘iladi. Bu – davlatga katta tahlil imkoniyatini beradi. Masalan, qaysi hududda ishsizlik yuqori, qayerda qizlar ta’limdan chetda qolayapti, qayerda yoshlar tadbirkorlikka qiziqmoqda?

Shu asosda dasturlar va qarorlar qabul qilinadi. Yoshlar siyosati endi fakt va raqamlarga tayanadi.

Xulosa: yoshlar taqdiri – davlat taqdiri

Prezident farmonining eng katta ahamiyati – davlat va yoshlar munosabatini tubdan o‘zgartirishi.
Bir yoshning ishsiz qolishi – uning shaxsiy ishi emas, davlatning muammosi. Bir yoshning yutug‘i – uning shaxsiy sharafi emas, millatning g‘ururi.

“Yoshlar yagona elektron platformasi” – bu oddiy raqamli tizim emas. Bu davlat va yoshlar o‘rtasida ishonch ko‘prigi. Agar u ishlasa, yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida, shubhasiz, tarixiy burilish ro‘y beradi.

Mastura Ochilova, jurnalist
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

yoshlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing