Yoshlar ishlari agentligiga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat Yoshlar ishlari agentligiga o‘tkazilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda ko‘zda tutilgan. 

Qonunga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligiga quyidagi vakolatlar beriladi.

•  yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat olib borish;

•  yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etish;

•  yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf qilish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish. 

Shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan so‘rovlar yuborishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari maxsus vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda kelishilishi qonunan mustahkamlanmoqda.

Qonun bilan Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoyalash sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

221

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing