“Yosh kitobxon oila” – finalga bir qadam qoldi
Jamiyat
−
06 iyul 2021
4976Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kabi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimizda ilk marotaba “Yosh kitobxon oila” tanlovi tashkil etilmoqda.
Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.
Tanlovda ishtirok etish uchun respublika miqyosida 10 mingga yaqin yosh oilalardan arizalar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 400 dan ortig‘i saralash bosqichida yuqori natijalarni qayd etdi. Bevosita mazkur oilalar endilikda hududiy bosqichda kitobxonlik saviyasini sinovdan o‘tkazishadi.
Ikkinchi bosqich 6-31 iyul kunlari belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Ushbu bosqichida ishtirokchilar 2 ta shart asosida bellashadilar. Birinchi shartga muvofiq, ishtirokchilar tavsiya etilgan adabiyotlardan tuzilgan 4 ta savolga javob berishlari lozim. Ikkinchi shartda esa biror asardan parcha o‘qib eshittiriladi. Ishtirokchilar o‘qilgan epizod qaysi asardan olinganligini hamda uning mazmunini, g‘oyasini ochib berishlari kerak.
Har ikkala shart natijasiga ko‘ra yuqori ball to‘plagan bir nafar oila tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Tashkilotchilar tomonidan rasmiy telegram kanallarda tanlovning Nizomi hamda foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxati joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, tanlovning yakuniy bosqichida g‘oliblikka erishgan yosh oila Prezidenti sovg‘asi – “Spark” avtomobiliga sazovor bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan oilalar ham qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishi nazarda tutilgan.
Yoshlar ishlari agentligi
LiveBarchasi