Yerevandagi namoyishlarda yuzga yaqin odam hibsga olindi
Olam
−
23 Sentabr 2023
2771Kecha, 22 sentyabr kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan hukumatga qarshi namoyishlarda 98 kishi hibsga olindi. Bu haqda arman politsiyasiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Aytilishicha, qo‘lga olinganlar huquq-tartibot idoralari xodimlarining talablariga bo‘ysunmaslikda ayblanmoqda.
Muxolifat tomoni vakili bo‘lgan Armaniston Milliy qo‘mitasi esa politsiyaning ma’lumotlarini rad etib, shahar ko‘chalarida 350 ga yaqin odam hibsga olinganini da’vo qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Yerevanda hukumatga qarshi namoyishlar to‘rtinchi kundan beri davom etmoqda. Ularga qator oliy o‘quv yurtlari talabalari ham qo‘shilgan.
Xavfsizlik kuchlari hukumat binosi yaqinida Bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilayotganlarni hibsga olmoqda. Ayrim namoyishchilar qo‘llarida Armaniston va (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ning bayroqlarini ushlab olgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston politsiyasining “Qizil beretlilar” maxsus kuchlari Yerevanda ommaviy aksiyalar davomida mamlakatning ikkinchi prezidenti Robert Kocharyanning o‘g‘li Levonni hibsga olgandi. U qo‘lga olingach, kaltaklangani va shifoxonaga yotqizilgani aytilgan.
LiveBarchasi