Yerevan BMT Xavfsizlik kengashini manipulyatsiya vositasiga aylantirmoqchi – Baku

Olam

image

Ozarbayjon Armanistonning Lochin yo‘li atrofidagi vaziyatni muhokama qilish uchun Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazish haqidagi iltimosi bilan BMTga murojaat yo‘llaganini Yerevan tomonidan ushbu xalqaro tashkilotni manipulyatsiya vositasiga aylantirishga urinish sifatida baholadi. Bu haqda bugun, 14 avgust kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan bayonotda aytildi.

“2022 yil dekabrdagi birinchi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, Armaniston yana bir bor BMT Xavfsizlik kengashini siyosiy, harbiy va axborot manipulyatsiyasi kampaniyasi vositasiga aylantirishga urinmoqda. Armanistonning BMT Xavfsizlik Kengashiga mintaqadagi “gumanitar vaziyatning yomonlashuvi” va “davom etayotgan blokada” haqidagi asossiz da’volari bilan bog‘liq murojaati Yerevan ataylab va maqsadli ravishda xalqaro hamkorlar orqali muvozanatli, xalqaro huquqqa asoslangan va maqbul yechim topishga qaratilgan sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilayotgan bir vaqtda sodir bo‘ldi", deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ham Armaniston tomonini yuk tashish va ikki tomonlama muzokaralarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarni buzishda ayblagan. 

“Yaqinda intensiv maslahatlashuvlar va shattl diplomatiyasining sa’y-harakatlaridan so‘ng Qorabog‘ mintaqasiga turli yo‘nalishlar bo‘yicha gumanitar yuklarni yetkazish, shuningdek, Ozarbayjon maxsus vakili va mahalliy arman vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Biroq 5 avgust kuni Armaniston o‘zini o‘zi e’lon qilgan rejim orqali siyosiy motivdagi noqonuniy shart-sharoitlarni ilgari surdi va turli bahonalar bilan so‘nggi lahzada ikkala kelishuvdan ham voz kechdi”, deydi rasmiy Baku. 

Hujjatda ta’kidlanishicha, agar Armaniston va unga bo‘ysunuvchi o‘zini o‘zi e’lon qilgan tuzilma kelishuvlarni bajargan bo‘lsa, avgust oyi boshida Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyati aholisiga gumanitar yuklarni yetkazib berish, shuningdek, odamlarning sayohat qilish yo‘nalishlarini osonlashtirish uchun maqbul asos yaratish orqali masala hal etilgan bo‘lardi. 

Bayonotda qayd etilishicha, Ozarbayjon Rossiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi bilan jadal hamkorlik qilib, vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlasa ham, Armaniston bu diplomatik sa’y-harakatlarga ataylab to‘sqinlik qilmoqda. 

“Armanistonning BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaati ushbu kampaniyaning bir qismi bo‘lib, unda ishtirok etayotgan tomonlar, jumladan, Xavfsizlik Kengashi a’zolarining sa’y-harakatlariga jiddiy zarba bo‘ladi”, deb hisoblaydi rasmiy Baku.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 avgust kuni Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Yerevan BMTga Qorabog‘dagi gumanitar vaziyatni muhokama qilish uchun Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazish talabi bilan murojaat qilgani haqida xabar bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Qorabog' Lochin yo'lagi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing