Yerevan Bakuga temiryo‘l aloqasini tiklash taklifini yubordi – Pashinyan

Olam

image

Armaniston Ozarbayjonga 1990 yillarning boshida Qorabog‘ va ikki davlat chegarasidagi harbiy harakatlar sabab to‘xtab qolgan temiryo‘l aloqasini tiklash bo‘yicha taklif yubordi. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan “Armenpress” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bizning fikrimizcha, temiryo‘l aloqasini tiklashning Armaniston va Ozarbayjon uchun to‘liq maqbul bo‘lgan yechimini topdik. Bu yechimni yozma shaklda Ozarbayjonga yubordik va ijobiy javob kutmoqdamiz. Ushbu javob olingach, tezda kelishuv imzolash va temiryo‘l qurilishiga kirishish zarur bo‘ladi”, dedi Pashinyan.

Shuningdek, Nikol Pashinyan Yerevan chegarani delimitatsiya qilgandan keyin arman-ozarbayjon chegarasida uchinchi davlat kuchlarini joylashtirmaslikka tayyor ekanini ham bildirdi.

“Biz arman-ozarbayjon chegarasining delimitatsiya qilingan qismlariga uchinchi davlat kuchlarini joylashtirmaslik masalasini qo‘llashni taklif qilmoqdamiz. Bu mantiqan to‘g‘ri, chunki delimitatsiya tufayli bu hududlarda eskalatsiya xavfi sezilarli darajada kamayadi, hatto minimal darajaga tushadi, desak ham bo‘ladi”, dedi u.

Pashinyanga ko‘ra, chegaraning to‘liq delimitatsiyasidan so‘ng arman-ozarbayjon chegarasining biror qismida uchinchi kuchlar ishtirokiga ehtiyoj qolmaydi. Armaniston ana shunday mantiqni taklif qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nikol Pashinyan parlamentdagi hukumat soati davomida Armaniston hukumati mintaqaviy aloqalarni ochish bo‘yicha Ozarbayjonga taklif yo‘llaganini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Nikol Pashinyan Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing