Yer yuzining eng go‘zal ayoli aniqlandi
Olam
−
09 noyabr
228769Avstraliyalik model Jessika Leyn “Miss Earth” (Yer go‘zali) tanlovida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda tanlovning You Tube kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, tanlovda 76 mamlakat vakilalari ishtirok etgan. Final bosqichida turli yo‘nalish uchun bir nafardan g‘olib tanlangan. Biroq eng nufuzli maqom – “Miss Earth” (Yer go‘zali) hisoblanadi va ushbu unvonga avstraliyalik 21 yoshli Jessika Leyn sazovor bo‘lgan. AQSH vakilasi “Miss Earth-Water” (Miss Suv) unvonini olgan, islandiyalik ishtirokchi “Miss Earth-Air” (Miss Havo) deb topilgan va Peru vakilasi “Miss Earth-Fire ” (Miss Olov) unvoniga loyiq ko‘rilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Avstraliya uchun bu birinchi g‘alaba hisoblanadi. Uni qo‘lga kiritgan Jessika Leyn Sanshayn-Koest universitetida jurnalistika va adabiy ijod yo‘nalishlarida tahsil oladi.
Ma’lumot uchun, “Miss Earth” – bu dunyodagi eng nufuzli xalqaro go‘zallik tanlovlaridan biri bo‘lib, atrof-muhitni himoya qilish va ekologik muammolar haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan. Tanlovga 2001 yil Filippinda asos solingan va hozirda har yili o‘tkaziladi. “Miss Earth” tanlovi faqat go‘zallik va iqtidorga e’tibor qaratmay, balki ishtirokchilarning atrof-muhitni asrash bo‘yicha g‘oyalari va tashabbuslariga ham katta ahamiyat beradi.
Tanlovda ishtirokchilar odatda o‘z mamlakatlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar bilan vakillik qiladi. G‘oliba va finalchi ishtirokchilar ko‘pincha tabiatni asrash, ekologiyani himoya qilish, yashil energiya va barqaror rivojlanish bo‘yicha global kampaniyalarda ishtirok etadi.
Tanlovning asosiy unvonlari:
- “Miss Earth” – bosh g‘olib, eng nufuzli unvon.
- “Miss Earth-Air” – ikkinchi o‘rin g‘olibi.
- “Miss Earth-Water” – uchinchi o‘rin g‘olibi.
- “Miss Earth-Fire” – to‘rtinchi o‘rin g‘olibi.
Bu to‘rt unvon tanlovning asosiy unsurlarini (yer, havo, suv, olov) aks ettiradi va tabiatni himoya qilishning ahamiyatini ifodalaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Dunyo go‘zali 2024" (Miss World 2024) sifatida 24 yoshli Chexiya fuqarosi Kristina Pishkova tanlangani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr