“Yer yorilsa ham yutmaydigan” binolar
Bu qiziq
−
11 fevral 2023
44373Zilzila yer paydo bo‘lganidan beri doimiy takrorlanib turadigan tabiiy ofat hisoblanadi. Ko‘plab zilzilalar sayyoramizda son-sanoqsiz talafotlarni keltirib chiqaradi. Bu esa odamlarni tabiiy ofat yetkazadigan zararining oldini olishga yoki minimal darajada kamaytirish yo‘llarini o‘ylashga majbur qiladi. QALAMPIR.UZ quyida juda kuchli zilzilalarga bardosh bera oladigan ko‘p qavatli binolarning ro‘yxatini hamda aynan yer silkinishlariga qarshi tura oladigan texnologiyalarni taqdim etadi.
Yuta shtatining hukumat binosi, AQSH
AQSHning g‘arbiy qismidagi Yuta shtatining hukumat binosi bo‘lgan inshoot poydevori zilzilaga qarshi laminatlangan kauchukli 280 ta izolyator tarmog‘idan tashkil topgan. Bu texnologiyada qo‘rg‘oshin-kauchuk izolyatorlar po‘lat plitalar yordamida poydevor bilan biriktiriladi. Zilzila sodir bo‘lgan holatda izolyator binoning faqat poydevor qismini oldinga va orqaga yumshoq silkitishiga imkon beradi, buning hisobiga binoning tepa qavatlari silkinmasdan o‘z holatini saqlab turadi.
Taypey 101, Xitoy
Xitoyning Taypeyi-Xinyi tumanidagi “Taypey 101” dunyodagi eng baland binolardan hisoblanadi. Minora 508 metr balandlikda, tayfun yoki zilzila kabi tabiiy ofatlarning zararini oldini olish uchun sozlangan oltin shar ko‘rinishidagi amortizatorga ega.
Katta hajmdagi shar binoning yuqori qismiga yaqin po‘lat kabellar bilan osilgan bo‘lib, u mayatnik kabi ishlaydi va energiyani yo‘qotish uchun binoga qarama-qarshi yo‘nalishda oldinga va orqaga harakat qiladi. Binoda osilgan og‘irligi 730 tonna bo‘lgan oltin shar dunyodagi eng katta amortizatorlardan biridir.
Burj Xalifa, Birlashgan Arab Amirligi
BAAning Dubay shahrida joylashgan Burj Xalifa dunyodagi eng baland bino bo‘lib, uning balandligi 829 metrni tashkil etadi. Burj Xalifaning qurilishi 2004 yilda boshlangan bo‘lib, ordan besh yil o‘tib – 2009 yilda yakunlangan. Bino jami 57 ta lift va 8 ta eskalatordan iborat.
Osmono‘par bino Rixter shkalasi bo‘yicha 5,5 dan 7,0 ballgacha bo‘lgan zilzilaga bardosh bera oladi. 2008 yilda bu hududda zilzila sodir bo‘lganda, binoning ilg‘or muhandislik loyihasi tufayli Burj Xalifa hech qanday zarar ko‘rmagan. Bundan tashqari, inshootda Dubayning yozgi issiq haroratiga bardosh berishga mo‘ljallangan qoplama tizimi ham mavjud.
“Yokohama Landmark Tower”, Yaponiya
Yaponiyaning Yokogama shahrida joylashgan “Yokohama Landmark Tower” mamlakatdagi ikkinchi eng baland bino bo‘lib, uning balandligi 295 metrni tashkil qiladi. Yaponiya orollari sayyoradagi seysmik faol zonalardan hisoblanadi.
Bino poydevori maxsus g‘ildirakli roliklarga o‘rnatilgan bo‘lib, osmono‘par binoning ostida yer harakatlansa ham uning silkinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Roliklar moslashuvchan materiallardan qurilgan bo‘lib, bu esa binoning sinishi emas, balki egilishiga olib keladi.
“Transamerica” piramidasi, AQSH
AQSHning San-Fransisko shtatidagi eng baland osmono‘par bino – “Transamerica” piramidasi bo‘lib, uning balandligi 253 metrni tashkil qiladi. Binoning strukturasi zilzila tebranishlari bilan birga harakatlanadigan po‘lat va beton poydevorda turadi.
Binoning konstruksiyasidagi to‘rtburchak maydonlari ramkaga ko‘proq yordam berish uchun diagonalli tuzilmalarga ega. 1989 yilda sodir bo‘lgan 7,1 magnitudali zilzilada bino bir daqiqadan ko‘proq silkinadi, lekin hech qanday zarar ko‘rmadi va o‘z joyida qoldi.
Petronas minoralari, Malayziya
Malayziyaning Kuala-Lumpurdagi Petronas minoralari 2004 yilgacha dunyodagi eng baland bino bo‘lgan. Balandligi 452 metr bo‘lgan minoralar aynan zilzilalarga qarshi turishi hamda dunyodagi eng baland egizak minoralar bo‘lishi uchun maxsus qurilgan.
Ikki qavatli ko‘prik minoralar 41 va 42-qavatlarni bir-biriga bog‘lab turadi, ular shamolning binoga yuk tushishiga yo‘l qo‘ymasligi hamda zilzila sodir bo‘lganida binoning ichiga va tashqarisiga harakatlanishi mumkin. Natijada binoning konstruksiyasi zilzilaga qarshi erkin tura oladi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi