Yer – bolalar uchun rasvo sayyora
Tahlil
−
09 iyun
3653Birlashgan Millatlar Tashkiloti 4 iyun kunini “Tajovuz qurboni bo‘lgan begunoh bolalar kuni” deb e’lon qildi. Bu sana 1982 yilda Falastin va Livanda Isroil hujumidan jabrlangan bolalarni yodga olish uchun belgilangan. Shu o‘rinda dunyodagi bolalarning aksariyati uchun so‘nggi yillar qanday o‘tayotganiga to‘xtalish o‘rinli. Masalan, o‘tgan 2024 yilda Yer sayyorasi bolalarning kattagina qismi uchun jahannamga aylangani rost. Buni UNICEF taqdim qilgan ma’lumotlar tasdiqlaydi. 2.5 milliard bolani o‘z bag‘riga sig‘dirgan sayyorada ularning huquqlari rasvo ahvolda. G‘azo va Ukrainada bosqin va qirg‘inlar davom etar, global miqyosda, jumladan, O‘zbekistonda ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, majburiy mehnat holatlari ko‘p uchrar ekan, 2025 yilda mazkur holat o‘zgarishiga ishonch juda past. UNICEF’ning 2024 yil dekabr oyida chop etilgan hisobotiga ko‘ra, hozirgi kunda urush hududlarining soni Ikkinchi jahon urushidan beri eng yuqori darajaga yetgan. Taxminan 473 million bola, ya’ni dunyo bo‘yicha har besh bolaning biri zo‘ravonlik hukm surayotgan hududlarda yashamoqda. UNICEF 2024 yilni “bolalar uchun eng og‘ir yillardan biri” deb atagan. Humanium tashkiloti hisobotida G‘azo sektori “yer yuzidagi eng xavfli joy” deb atalgan. 2024 yil davomida u yerda 11 ming 300 dan ortiq bola halok bo‘lgan, ulardan 30 foizi 5 yoshga to‘lmagan bolalar bo‘lib, 710 nafar chaqaloq hali bir yoshga ham yetmagandi. Eslatib o‘tamiz, bu faqat 2024 yil bo‘yicha xolos. Isroilning G‘azo sektoridagi genotsidi boshlangan ilk kunlardan to hozirgacha 17 ming bola halok bo‘ldi, 26 mingdan ortiq bolakaylar mayib-majruh qilindi. Bu raqamlar Isroilning qonga botgan qirg‘in mashinasi to‘xtamayotgan bir paytda har soat yangilanmoqda. Humanium va Save the Children tashkilotlari Isroilning G‘azoga qarshi hujumlari, blokada, ochlik va dori-darmon tanqisligi bolalarning nafaqat hayotiga, balki ruhiy holatiga ham katta zarar yetkazayotganini ta’kidlagan. UNICEF vakili Jeyms Elder G‘azoni “millionlab bolalar uchun yer yuzidagi jahannam” deb atagan.
BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (UNRWA) faoliyatining qisqarishi G‘azodagi gumanitar inqirozni kuchaytirgan. Ha, aytgancha, bu agentlikning o‘zi ham o‘tgan davr mobaynida Netanyaxu rejimi tomonidan bir necha bor nishonga aylandi. Isroilning Livanga uyushtirgan hujumlari ham bolalar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 2024 yil dekabr holatiga ko‘ra, Livanda 231 bola halok bo‘lgan, 1300 dan ortig‘i jarohat olgan. Sudanda esa 2023 yil aprelidan beri davom etayotgan fuqarolar urushi yuzlab bolalarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, urush boshida kamida 190 bola vafot etgan. Afrikadagi Sahel mintaqasida bolalar zo‘ravonlik, ochlik va ta’limdan mahrumlikdan aziyat chekmoqda. Bu mintaqada Senegal, Niger, Chad, Sudan va Eritreya kabi davlatlar joylashgan. Burkina-Fasoda esa 7 800 dan ortiq maktab yopilgan, 1,4 million bola ta’lim olish imkonidan mahrum bo‘lgan. Yamanda 600 mingdan ortiq 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar og‘ir darajadagi oziqlanish tanqisligidan aziyat chekmoqda. Yetmaganiga Tramp ma’muriyati Yamanga husiylarni tiyish maqsadida bir necha bor zarba yo‘lladi. Bundan xuddi Isroilning G‘azoga hujumi davomida asosiy nishon bo‘lgan HAMASdan ko‘ra oddiy aholi ming chandon jabr ko‘rganidek, yamanlik tinch aholi katta zarar ko‘rdi. Bolalar masalasining jiddiy tanazzulga yuz tutishi esa faqat Afrika davlatlari va Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanib qolmaydi. Xususan, Gaitida ham 2024 yil davomida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik hollari ko‘paygani qayd etilgan.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Hozirgi vaqtda 52 milliondan ortiq bola ta’lim olish imkonidan mahrum. Sog‘liqni saqlash tizimi ham jiddiy zarar ko‘rmoqda – dunyo bo‘yicha emlanmagan bolalarning 40 foizi urush bo‘layotgan mamlakatlarda yashaydi. Bu ularning qizamiq va poliomiyelit kabi kasalliklarga uchrash xavfini keskin oshiradi. Butun 2024 yil davomida G‘azo sektoridagi yuz minglab bolalar aynan shu xavf qarshisida qolgandi. O‘shanda xalqaro bosimlar natijasi o‘laroq falastinlik bolalarga bir qadar ko‘rsatildi, ular emlandi.
Yana bir achinarli statistika shuki, dunyo bo‘yicha har o‘ninchi, ya’ni 160 million nafar bola majburiy mehnatga jalb etilgan va ulardan deyarli yarmi qurolli mojarolardan zarar ko‘rgan mamlakatlarda yashaydi. Ha, aytgancha, zo‘ravonlik, jismoniy tazyiq va majburiy mehnatga jalb qilish, umuman olganda bolalar huquqi bilan bog‘liq masalalarda O‘zbekistonda ham ishlar pachava. Bolalar uchun jahannamga aylangan o‘sha 2024 yildagi dahshatli raqamlarda tinch bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistondagi ahvol ham achinarli. Rasmiy Toshkent xalqaro maydonda bu masalada umuman maqtana olmaydi. Xususan, 2024 yilda 412 nafar bola jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan, 1 028 nafar bola jismoniy zo‘ravonlikka uchragan, 929 nafar bola psixologik bosimni boshidan kechirgan, 14 nafar bola ekspluatatsiya qurboni bo‘lgan.
Ammo bundan-da yomoni, mazkur raqamlar O‘zbekistondagi bolalar huquqi bilan bog‘liq real holatni aks ettira olmasligidadir. Bu raqamlar jamoat joylarida tilanchilik uchun majburlanayotgan 5, 6 va hokazo yoshdagi bolakaylarni o‘z ichiga to‘liq qamrab olmasligi aniq. Metropolitendan tortib, odamlar gavjum joylarda sadaqa yig‘ishga safarbar qilingan bolalarning bugungi soni ishonavering dahshatli. O‘zbekiston qonunchiligida bolalarning tilanchilik qilishi tugul umuman jamoat joylarda shu kabi ishlar bilan shug‘ullanish man qilinishiga qaramay, nega haligacha bu holat bartaraf etilmagani kishini taajjubga soladi. Metroda xavfsizlikni ta’minlashga javobgar bo‘lgan shaxslar faqatgina yo‘lovchilarning sumkasini tekshirish uchungina turgandek taassurot uyg‘otgan. Ular tilanchilik taqiqlangan mamlakatda xizmat vazifasini bajara turib, tilanchilikka majburlanayotgan bolalarni metropolitenning platforma qismiga qanday o‘tkazib yuborishlari esa bizga haligacha qorong‘i.
Shu o‘rinda mazkur masala yuzasidan qonunchilikda belgilangan normalarga to‘xtalib o‘tish joiz. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 188-3 – moddasiga ko‘ra, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Shu moddaning ikkinchi qismida voyaga yetmaganlarni tilanchilik qilishga jalb etish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Eng qizig‘i bu holat, ya’ni voyaga yetmaganlarni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana takror sodir etilsa, bu jinoyat hisoblanadi. Jinoyat kodeksiga 2019 yil kiritilgan tilanchilik to‘g‘risidagi yangi moddaning jazo qismida bu harakat eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari jamoat joylarda shu kabi holatlarni oldini olish uchun bola bilan tilanchilik qilayotganlarga nisbatan chora ko‘rgani haqidagi xabarlarga onda-sonda ko‘zingiz tushib qolishi tabiiy. Bu muammoga qarshi umuman kurashilmayapti deb bo‘lmaydi. Ammo yetarlicha kurashilmayapti, bolalar huquqi poymol bo‘layotgan holatlar ko‘payib bormoqda desak xato bo‘lmaydi. Sog‘ bo‘ling, salomat bo‘ling. Dunyodagi eng qimmatli boylik bo‘lgan bolalarni asrang.
LiveBarchasi