Yomg‘ir, shamol yoki qor? Fevralda qanday ob-havo kuzatilishi ma’lum bo‘ldi

Bu qiziq

image

Joriy yilning fevral oyi o‘rtalarigacha O‘zbekistonda qish o‘z o‘rnini saqlab turadi, vaqti-vaqti bilan issiq va sovuq kunlar almashadi hamda oyning oxiriga kelib, tekisliklarga bahor keladi. Biroq, bu har doim ham shunday bo‘lmaydi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lum qildi.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, ba’zida harorat tartibi bo‘yicha, fevral oyining birinchi kunlari bahor boshlanishiga o‘xshaydi, ba’zan esa butun qish mavsumi uchun eng past harorat fevral oyiga to‘g‘ri keladi.

“O‘tgan yil ham shunday bo‘lgan edi. Oyning boshidanoq respublika bo‘yicha juda iliq ob-havo kuzatildi. Fevral oyining o‘rtalariga kelib, havo harorati 23-28 daraja iliq, janubda 32 daraja iliq qiymatlariga yetdi. Oyning oxiriga kelib, bizning iqlim uchun qattiq bo‘lgan sovuq keldi. Kechalari havo 10-12 daraja sovuq, ba’zi joylarda 15 daraja sovuqqacha, shimolda 20-22 daraja sovuq, Ustyurtda 23-25 daraja sovuqqacha bo‘ldi. Respublikamizning eng janubiy viloyatlarida ham kechalari 4-7 daraja sovuqqacha pasaydi”, deyiladi markaz ma’lumotida.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda eng sovuq fevral oyi 2014 yilda kuzatilgan, oyning o‘rtacha harorati me’yordan 5-7 darajaga past, oyning birinchi yarmida esa me’yordan umuman 12-15 darajaga past bo‘lgan. Eng sovuq davrda havo harorati kechalari 14-17 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari esa 7-10 daraja sovuqgacha pasaygan. 2014 yilning fevral oyida yog‘ingarchilik kam bo‘lgan, ammo oyning birinchi yarmida yog‘ingarchilik faqat qor ko‘rinishida yog‘gan.

2016 yilning fevral oyi eng issiq bo‘lgan. Eng issiq davrlarda havo harorati 23-28 daraja iliqgacha ko‘tarilgan. Fevral oyi nafaqat issiq, balki eng quruq bo‘lgan. Fevral oyida yog‘ingarchilik anomal kam miqdorda yoqqan, Toshkentda me’yordan atigi 3 foizni tashkil etgan.

2022 yilning fevral oyi nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi o‘n kunligida kechalari harorat 0-5 daraja iliq, ba’zi joylarda 2 daraja sovuq atrofida bo‘ladi, kunduz kunlari harorat 6-8 daraja iliqdan 12-14 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.

5 fevralda shimolda, 6 fevralda O‘zbekistonning qolgan hududlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda birinchi o‘n kunlikning eng oxirida ham biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

Keyinchalik Jahon prognostik markazlarining hisob-kitoblariga asoslangan holda, O‘zgidrometning dastlabki bahosiga ko‘ra, havo harorati kechalari 0-5 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, shimolda 8-13 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Hududlarning katta qismida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

904

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing