Yelizaveta II Liz Trassni Bosh vazir etib tayinladi

Olam

image

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II bugun, 6 sentyabr kuni Balmoral qasrida (Shotlandiya) Liz Trassni Bosh vazir etib tayinladi va unga yangi hukumat tuzishni topshirdi. Bu haqda “Sky News” xabar bermoqda.

Trass qirolicha Yelizaveta II tomonidan tayinlangan 15-Bosh vazir bo‘ldi. U Buyuk Britaniya tarixida bu lavozimni egallagan uchinchi ayoldir.

Qirolicha qabulidan so‘ng Trass Dauning ko‘chasidagi qarorgohga boradi, u yerda mahalliy vaqt bilan taxminan soat 16:00 (Toshkent vaqti bilan soat 20:00) da Bosh vazir sifatida birinchi marta nutq qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, bugunning o‘zida qirolicha Yelizaveta Boris Jonsonni Bosh vazir lavozimidan ozod etdi.

“The Guardian” nashrining xabar berishicha, Trass o‘z kabinetidagi asosiy vazirliklar rahbarlari lavozimlariga nomzodlar to‘g‘risida qaror qabul qilib bo‘lgan. Bosh vazir xonim Jonson hukumatida Yevropa va Shimoliy Amerika ishlari vaziri lavozimida ishlagan Jeyms Kleverlini Tashqi ishlar vaziri etib tayinlashni rejalashtirmoqda. Yangi Bosh vazirning eng yaqin ittifoqchisi, Jonsonning Biznes, energetika va sanoat strategiyasi vaziri Kvasi Kvartengga Moliya vaziri lavozimi berilishi mumkin. Bosh prokuror Svella Braverman Ichki ishlar vaziri bo‘lishi mumkin, Mudofaa vaziri Ben Uolles esa o‘z lavozimini saqlab qolishi taxmin qilinyapti.

Nashrning yozishicha, Bosh vazirlik uchun poygadagi Trassning asosiy raqibi, sobiq Moliya vaziri Rishi Sunakga, rahbarlikka da’vogarlarga Vazirlar Mahkamasidagi lavozimlarni taklif qilish an’anasiga zid ravishda, hukumatdan lavozim taklif etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 5 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass hukmron Konservativ partiya yetakchiligi uchun kurashda g‘olib chiqdi.

47 yoshli Trass nomzodi uchun Konservativ partiyaning 81 326 nafar oddiy a’zosi ovoz berdi. Uning raqibi, 42 yoshli sobiq Moliya vaziri Rishi Sunak 60 399 nafar ovoz oldi. 

Trass Buyuk Britaniyaning 56-Bosh vaziri (yoki bu lavozimni bir necha marta egallaganlarni hisobga olgan holda 78-hukumat rahbari) va qirolicha Yelizaveta II davridagi 15-Bosh vazirga aylandi. U, shuningdek, Margaret Tetcher (1979 yildan 1990 yilgacha Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qilgan) va Tereza Meydan (2016 yildan 2019 yilgacha) keyin Vazirlar Mahkamasini boshqargan uchinchi ayolga aylanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

100

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing