Yekaterinburgdagi maktab o‘quvchilarining 98 foizi migrantlar farzandlari ekani aytildi
Olam
−
12:11 1175 1 daqiqa
Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi 149-sonli maktab o‘quvchilarining qariyb 98 foizini Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlarning farzandlari tashkil qilishi aytildi. Bu haqda mamlakatning “78.ru” telekanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, maktab Yekaterinburgning Jeleznodorojniy tumanidagi Sortirovochniy mavzesida joylashgan bo‘lib, bu hududda ko‘p migrantlar istiqomat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, maktab o‘quvchilarining taxminan 70 foizi tojiklar, 15 foizi qirg‘izlar va 10 foizdan biroz ko‘prog‘i o‘zbeklardan iborat. Mahalliy aholi farzandlari esa umumiy o‘quvchilarning 2–3 foizini tashkil qiladi.
Jurnalistlar joriy yilning 1 sentyabr kuni maktabda bo‘lib, ayrim o‘quvchilar rus tilini yaxshi bilmasligini qayd etgan. Xususan, o‘quvchilar o‘rtasida salomlashishda rus tilidagi “zdravstvuyte” so‘ziga nisbatan “salam aleykum” iborasi ko‘proq qo‘llanishi aytilgan.
Shuningdek, ayrim o‘quvchilar o‘z familiyasini aytishda qiynalgani, ba’zi onalar esa jurnalistlar bilan farzandlari orqali muloqot qilgani xabar qilingan.
Bu holat Rossiyada maktabga qabul qilinayotgan migrantlar farzandlari uchun rus tilidan imtihon joriy etilgan bir paytda muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya maktablari migrant bolalarning 87 foizini, asosan, rus tili imtihoniga kirish uchun hujjatlar bilan bog‘liq muammolar tufayli o‘qishga qabul qilishdan bosh tortgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi