YeIning sobiq amaldoriga AQSHga kirish taqiqlandi
Olam
−
24 dekabr 2025 2752 2 daqiqa
Bugun, 24 dekabr kuni AQSH Davlat departamenti Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunini (DSA) ishlab chiqishda ishtirok etgan sobiq Yevropa komissari hamda yana to‘rt nafar inson huquqlari faollariga AQSHga kirish vizalari berilmasligini ma’lum qildi. Bunga ularning mazkur qonunni ishlab chiqishda ishtirok etgani va Yevropa Komissiyasiga maslahat bergani sabab bo‘lgan. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH Davlat departamenti DSA ustida ishlagan besh nafar yevropalikka, jumladan, Yevropa Ittifoqining Ichki bozor bo‘yicha sobiq komissari Terri Bretonga nisbatan viza cheklovlari joriy etgan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bayonotida ularni “o‘z lavozimlaridan foydalanib, Amerika fuqarolari va kompaniyalariga qarshi repressiv senzura choralarini ilgari surgan radikal faollar” deb atagan.
AQSH rasmiylari Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni konservativ qarashlarga qarshi qaratilgan senzura vositasi sifatida baholamoqda. Davlat departamenti bayonotida Terri Breton “ DSA me’mori” sifatida tilga olinib, mazkur qonun Yevropa Ittifoqida faoliyat yuritayotgan internet platformalari va ijtimoiy tarmoqlarni noqonuniy kontent, tovar va xizmatlar, shuningdek, dezinformatsiya hamda nafratga asoslangan nutqdan foydalanuvchilarni himoya qilishga majbur etishi qayd etilgan.
Amerikalik respublikachilar DSA qoidalari va ijtimoiy tarmoqlarda kontentni moderatsiya qilish talablari konservatorlarga nisbatan senzura deb hisoblaydi. Bryussel esa bu ayblovlarni rad etmoqda. Terri Breton X ijtimoiy tarmog‘ida mazkur taqiqqa munosabat bildirib, “Amerikalik do‘stlarimizga: senzura siz o‘ylagan joyda emas”, deb yozgan.
Ma’lumot o‘rnida, Terri Breton 2024 yil kuzida Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan kelishmovchiliklar sabab Ichki bozor bo‘yicha komissar lavozimidan iste’foga chiqqan. U avvalroq X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask bilan platformaning Yevropa qonunlariga rioya qilmasligi yuzasidan keskin tortishuvlarga ham kirishgan.
2025 yil dekabr oyida Yevropa Komissiyasi X ijtimoiy tarmog‘ini reklama shaffofligi va foydalanuvchilarni tekshirish tizimidagi kamchiliklar sabab DSA talablarini buzgani uchun yirik miqdorda jarimaga tortgan. Bunga javoban X Yevropa Komissiyasining reklama huquqlarini to‘xtatib qo‘ygan.
Qayd etish joiz, bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yevropa Ittifoqining raqamli qonunlarini bir necha bor tanqid qilgan. Oq uy rahbari ushbu qonunlar Amerika kompaniyalariga zarar yetkazayotgan mamlakatlarga nisbatan yangi import tariflari joriy etilishi mumkinligi bilan tahdid qilgan. Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi o‘z qoidalarini amalga oshirishda davom etishini bildirgandi.
Sanksiyalar ostida Britaniyaning Global dezinformatsiya indeksi (GDI) nodavlat tashkiloti rahbari Kler Melford, Germaniyaning HateAid tashkiloti rahbarlari Anna-Lena fon Xodenberg va Jozefin Ballon, shuningdek, Vashingtondagi Raqamli nafratga qarshi kurash markazi (CCDH) ijrochi direktori Imron Ahmad bor. Xabarlarga ko‘ra, u AQSHda yashash huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Live
Barchasi