YeIning ruslar uchun chegarani yopgan davlatlari oltitaga yetdi

Olam

image

Bugun, 25 oktyabr kuni turistik Shengen vizasi bilan Rossiya fuqarolarining Chexiya Respublikasiga kirishiga taqiq kuchga kirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi. 

Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon rossiyaliklar turizm, sport va madaniyat maqsadida Praga xalqaro aeroporti orqali mamlakatga kira olmaydi.

“Rossiya rejimi tinch aholi manzillarini bombardimon qilayotgan bir vaziyatda biz bunga ko‘z yuma olmaymiz”, deydi Lipavskiy.

Vazirga ko‘ra, hukumat bir ovozdan rossiyaliklarning turistik Shengen vizasi bilan kirishini taqiqlashga qaror qilgan.

Shuningdek, Tashqi ishlar vaziri safarbarlikdan qochayotgan va shu sababdan boshpana so‘rayotgan rossiyaliklarga viza berishdan bosh tortishga chaqirgan. Biroq Chexiya Prezidenti Milosh Zeman Lipavskiyning fikriga qo‘shilmagan. U boshpana so‘ragan Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini ukrainalik qochqinlar bilan taqqoslab, ruslar Chexiya xavfsizligiga tahdid solmasligini ta’kidlagan.

Avvalroq, Shengen vizasi bo‘lgan Rossiya fuqarolari uchun chegaralarni Latviya, Litva, Estoniya, Finlyandiya va Polsha yopib qo‘ygan edi. Endilikda bu mamlakatlarga faqat qarindoshlarinikiga tashrif buyurgan rossiyaliklar, shuningdek, yuk mashinasi haydovchilari, dissidentlar va diplomatlar kirishi mumkin. Ushbu mamlakatlar hukumatlari insonparvarlik nuqtai nazaridan kirish imkoniyatini qoldirgan, ammo har bir holat individual asosda ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing