YeI va Buyuk Britaniya Shimoliy Irlandiya bo‘yicha kelishuvga erishdi
Olam
−
28 fevral 2023
3351Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Brexit’dan keyin Shimoliy Irlandiya bo‘yicha uzoq yillik savdo mojarosini hal qilishga qaratilgan kelishuvga erishdi. Bu haqda kecha, 27 fevral kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Britaniya hukumati rahbarining ta’kidlashicha, Brexit’dan keyin Shimoliy Irlandiya bo‘yicha Britaniya provinsiyasi bilan asosan bojxona va chegara masalalari bo‘yicha munosabatlarni tartibga soluvchi dastlabki protokol o‘zgartiriladi. Kelishuv Irlandiya dengizida chegara to‘siqlarisiz, erkin savdoni amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, Rishi Sunak mazkur kelishuv Buyuk Britaniya va YeI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bobning boshlanishi bo‘lishiga ishonch bildirgan.
Qayd etilishicha, yangi kelishuv Shimoliy Irlandiyadagi Britaniya provinsiyasi va Yevropa Ittifoqiga a’zo Irlandiya o‘rtasidagi tovarlar harakatini tartibga soladi. Shuningdek, u bir necha o‘n yillardan beri Shimoliy Irlandiyada davom etayotgan mojaroning avj olishi xavfini nazorat qilish, Irlandiya orolida qat’iy chegara paydo bo‘lishining oldini olish uchun xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Irlandiya aholisining asosan protestant qismi Britaniya tarafdori bo‘lsa, aholining katolik qatlami esa mamlakatni Irlandiya bilan birlashishini xohlaydi. Shuning uchun ham mamlakatda qarama-qarshi tarafdorlar o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelish xavfi bor degan xavotirlar mavjud.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi